Mirziyoyev Turkmaniston TIV rahbarini qabul qildi
Jamiyat
−
15 aprel
3039O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 15 aprel kuni “Markaziy Osiyo – Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi” strategik muloqoti tashqi ishlar vazirlarining ikkinchi uchrashuvi doirasida O‘zbekistonda bo‘lib turgan Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisining o‘rinbosari, Tashqi ishlar vaziri Rashid Meredovni qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.
Suhbat avvalida Rashid Meredov O‘zbekiston rahbariga Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov va Turkman xalqining milliy yetakchisi, Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedovning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazgan.
O‘zbekiston bilan Turkmaniston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va chuqurlashgan strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqilgan.
O‘zaro tovar ayirboshlash o‘sayotgani alohida mamnuniyat bilan qayd etilgan. “Shovot-Toshovuz” savdo zonasi tashkil etilayotgani, sanoat kooperatsiyasi, energetika, transport va logistika, qishloq xo‘jaligi sohalarida o‘zaro manfaatli hamkorlik davom etayotgani bildirilgan.
“Hududlararo aloqalar va madaniy-gumanitar almashinuvlar kengaymoqda. Joriy yilda O‘zbekistonda shoir Maxtumquli Firog‘iy tavalludining 300 yilligi munosabati bilan qator tadbirlar o‘tkaziladi”, deyiladi xabarda.
Uchrashuv davomida, bo‘lajak oliy darajadagi uchrashuvlarga tayyorgarlik doirasida ko‘p qirrali sheriklikning yangi kun tartibini shakllantirish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.
Mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 18-19 aprel kunlari rasmiy tashrif bilan Tojikistonga borishni rejalashtirayotganini ma’lum qilgan edik.
LiveBarchasi