Mirziyoyev Turkiy davlatlar o‘rtasida xavfsizlik masalasini kuchaytirishni taklif qildi
Jamiyat
−
11 noyabr 2022
4479Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo va kuzatuvchi mamlakatlarning huquqni muhofaza qiluvchi va maxsus xizmatlari bugungi ziddiyatli davrda doimiy aloqada bo‘lishi hamda hamkorlikni kuchaytirishi lozim. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Samarqandda o‘tayotgan Turkiy davlatlar tashkiloti davlat rahbarlari kengashi yig‘ilishidagi nutqida so‘z ochdi.
U mintaqada xavfsizlikni ishonchli ta’minlash ustuvor yo‘nalish ekanini urg‘uladi.
“So‘nggi paytlarda jahonning turli nuqtalaridagi ziddiyatli voqealar turkiy dunyoning umumiy xavfsizligiga ham ta’sir o‘tkazayapti. Bunday murakkab vaziyatda terrorizm, ekstremizm, yoshlarning radikallashuvi, odam savdosi, narkotrafikka qarshi kurashish, jamoat va kiber-xavfsizlikni ta’minlash sohalarida huquqni muhofaza qiluvchi va maxsus xizmatlarimiz doimiy aloqada bo‘lishi hamda hamkorlikni kuchaytirishi lozim”, deydi Mirziyoyev.
O‘zbekiston yetakchisi Tashkilot davlatlari Xavfsizlik kengashi kotiblarining navbatdagi yig‘ilishini O‘zbekistonda tashkil etishni taklif qildi.
Bundang tashqari, Prezident Mirziyoyev, mavqedoshlari e’tiborini yana bir dolzarb masalaga qaratdi.
“Bugungi kunda yon qo‘shnimiz Afg‘onistondagi murakkab vaziyat barchamizni albatta jiddiy tashvishga soladi. Bu mamlakatdagi mavjud ahvolni ijobiy tomonga o‘zgartirish masalasi hech qachon nazarimizdan chetda qolmasligi kerak. Afg‘on masalasi bo‘yicha umumiy yondashuvni ishlab chiqish maqsadida tashqi ishlar vazirlarimiz muloqotlarini muntazam o‘tkazib borish tarafdorimiz”, deydi O‘zbekiston rahbari.
LiveBarchasi