Mirziyoyev To‘qayevni tabrikladi
Jamiyat
−
17 may
5246O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 17 may kuni bo‘lib o‘tgan telefon orqali muloqotda Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayevni tavallud kuni bilan samimiy tabriklab, qardosh Qozog‘iston xalqining farovonligi va ravnaqi yo‘lidagi mas’uliyatli davlatchilik faoliyatida katta muvaffaqiyatlar tiladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Suhbat davomida O‘zbekiston bilan Qozog‘iston o‘rtasidagi yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlashning dolzarb masalalari muhokama qilingan.
Bo‘lajak ikki tomonlama uchrashuvlar va ko‘p tomonlama tadbirlar rejasi ko‘rib chiqilgan.
Savdo, sanoat kooperatsiyasi, samarali logistika, qishloq xo‘jaligi, turizm, ta’lim, madaniy almashinuv kabi ustuvor yo‘nalishlarni qamrab olgan ikki tomonlama amaliy hamkorlikning yangi kun tartibini shakllantirish borasidagi ishlarni davom ettirishga alohida e’tibor qaratilgan.
Ma’lumot uchun, Prezident Qosim-Jomart To‘qayev 1953 yil 17 mayda Olmata shahrida tug‘ilgan. Uning otasi Kemel To‘qayev Ikkinchi Jahon urushining qatnashchisi va taniqli yozuvchi, onasi esa Turar Shabarbayeva — Olmaota pedagogika institutining tilshunoslik fakultetida ishlagan.
Qosim-Jomart To‘qayev Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti lavozimiga ilk bor 2019 yil 20 mart kuni, Nursulton Nazarboyev iste’fosidan so‘ng, vaqtinchalik prezident sifatida, 2019 yil 9 iyun kuni o‘tkazilgan saylovda esa rasman prezident etib saylandi.
2022 yilning 20 noyabrida bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari prezidentlik saylovida u ikkinchi muddatga saylandi. Bu saylovda Qozog‘istonda yangi konstitutsiyaviy o‘zgarishlarga muvofiq yetti yillik yagona prezidentlik muddati joriy etildi. Bugun To‘qayev 72 yoshni qarshiladi.
LiveBarchasi