Mirziyoyev Toshkentning Shayxontohur tumaniga bordi (foto)
Jamiyat
−
12 may 2023
14371Prezident Shavkat Mirziyoyev aholining turmush sharoitlari, bunyodkorlik ishlari bilan tanishish maqsadida Toshkent shahrining Shayxontohur tumaniga tashrif buyurdi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbari dastlab “Samarqand darvoza” mahallasida barpo etilgan kasbga yo‘naltirish markazida bo‘lgan.
Qayd etilishicha, bu yerda yoshlar va ayollarga savdo, marketing, moliya, axborot texnologiyalari sohalaridagi zamonaviy kasblar o‘rgatiladi. Keyinchalik ularning yuqori daromadli ish topishiga ham ko‘maklashiladi. Markaz atrofi obodonlashtirilgan, ishkomlar o‘rnatilib, toklar ekilgan.
Shu yerda kambag‘allikni qisqartirish va aholi bandligini ta’minlash chora-tadbirlari taqdimot qilingan. Shuningdek, Shayxontohur tumanida 51 ta mahalla borligi, salohiyati yuqori tadbirkorlar 100 dan ziyodligi keltirib o‘tilgan. Shartnoma asosida ularga mahallalardagi ishsizlar biriktirilmoqda. Unga ko‘ra, davlat sharoit yaratadi, tadbirkorlar aholini kasbga o‘qitib, ish bilan ta’minlaydi.
“Bu ikki tomonlama manfaatli. Hozir ko‘p tadbirkorlar faoliyatini kengaytirmoqchi, hammaga malakali ishchi kerak. Maqsadimiz - korxonalar amaliy monomarkazga aylanib, sohaga mutaxassis tayyorlasin. Buning uchun davlat infratuzilma, moliya, soliq bo‘yicha yengilliklar beradi. Ish o‘rinlari ko‘paygani, aholining xarid qobiliyati oshgani hisobidan bu pul pirovardida iqtisodiyotga qaytib tushadi. Eng muhimi, bu amaliyot yoshlar uchun faqat ish o‘rganish emas, hayot maktabi bo‘ladi”, deydi Shavkat Mirziyoyev.
Taqdimotda Shayxontohurning turizm salohiyatini ishga solish bo‘yicha takliflar ham ko‘rib chiqilgan. Poytaxt tumanlari hokimlari Janubiy Koreya, Singapur kabi davlatlar tajribasini o‘rganishi zarurligi ta’kidlangan.
Shu bilan birga, Prezident ushbu markazdagi sport-sog‘lomlashtirish majmuasini ham kirib ko‘rgan. Unda yopiq suv havzasi va sport zali mavjud.
LiveBarchasi