Mirziyoyev “Toshkent-Sharqiy” aeroporti qurilishini o‘zi borib ko‘rdi
Jamiyat
−
04 Sentabr
11498Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 4 sentyabr kuni “Toshkent-Sharqiy” aeroporti qurilishini ko‘zdan kechirdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbari dastlab 4 kilometr uzunlikdagi uchish-qo‘nish yo‘lagini ko‘zdan kechirdi. Shu yerda terminallarning tashqi va ichki ko‘rinishi bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi. Mirziyoyev binolarning fasad qismi milliy dizaynda bo‘lishi, pardozlash va jihozlashda issiq ranglarga ko‘proq o‘rin berilishiga ahamiyat qaratdi. Yuqori martabali mehmonlarni kutib olish, uchrashuvlar o‘tkazish uchun barcha qulayliklarni inobatga olish zarurligini ta’kidladi.
Shuningdek,“Yangi O‘zbekiston” bog‘i, Olimpiya shaharchasi bilan yonma-yon bo‘lgan ushbu aeroport atrofidagi majmualarni ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Ma’lumot uchun, aeroport eng og‘ir samolyotlarni ham qabul qilish quvvatiga ega. Ayni paytda yuqori martabali mehmonlar uchun hamda biznes-aviatsiya uchun 2 ta terminal, perron va angarlar barpo etilmoqda. Aeroport noqulay ob-havo sharoitlarida ham uchish-qo‘nishni ta’minlovchi ICAO III-A toifasidagi zamonaviy radiotexnika va meteorologiya uskunalari bilan jihozlanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mirziyoyev Buxoroda gaz-kimyo majmuasi, quyosh elektr stansiyasi va xalqaro aeroport qurilishini boshlab bergandi.
LiveBarchasi