Mirziyoyev TDT sammitida 6 taklifni ilgari surdi
Jamiyat
−
03 noyabr 2023
8299Turkiy davlatlar tashkilotining Ostonada bo‘lib o‘tgan 10-sammitida ishtirok etgan Prezident Shavkat Mirziyoyev tashkilotga a’zo davlatlar e’tiboriga 6 ta taklifni taqdim etdi.
Uning birinchi taklifида qayd etishicha, hozirgi sharoitda Tashkilot doirasida o‘zaro hurmat, ishonch va ochiqlik tamoyillarini mustahkamlash, birgalikda turli to‘siqlarni samarali yengib o‘tish bosh maqsad bo‘lishi kerak va “Turkiy dunyo xartiyasi”ni ishlab chiqish zarur.
“Ushbu o‘ziga xos ramziy qomusni sohaning yetuk olimlari va ekspertlar ishtirokida tayyorlashni taklif qilaman”, deydi Mirziyoyev.
Davlat rahbarining ikkinchi taklifи shu kunlarda ish boshlayotgan Turkiy investitsiya fondiga oid bo‘ldi. U Tashkilotga a’zo davlatlar o‘rtasida sanoat kooperatsiyasini kuchaytirish va yirik sarmoyaviy loyihalarni amalga oshirish maqsadida keyingi bosqichda Turkiy taraqqiyot bankini tashkil etish va uni Toshkent shahrida joylashtirishga tayyor ekanini bildirdi.
Uchinchi taklif Turkiy davlatlar savdo hamkorligi tadqiqot markazini tashkil etish haqida bo‘ldi.
“Kelgusida Markaz imkoniyatlaridan unumli foydalangan holda, birgalikda savdo to‘siqlarini bartaraf etish, eksport-import hajmini ko‘paytirish bo‘yicha yangi mexanizmlarni keng joriy qilish, elektron savdo platformalarini rivojlantirishga qaratilgan aniq chora-tadbirlarni amalga oshirishimiz zarur”, deydi Mirziyoyev.
O‘zbekiston rahbarining to‘rtinchi taklifига ko‘ra, global logistika zanjirlari va transport yo‘laklarini rivojlantirish va diversifikatsiya qilish, yagona tranzit tarmog‘ini shakllantirish masalalari dolzarb ahamiyatga ega.
Prezident yuk tashuvlariga o‘sib borayotgan talabni qondirish maqsadida O‘rta koridor salohiyatini kengaytirish choralarini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Shuningdek, qo‘shimcha ko‘p tarmoqli yo‘nalishlarni, jumladan, Xitoy, Janubiy Osiyo va Yevropa bozorlariga a’zo mamlakatlar orqali o‘tadigan koridorlarni rivojlantirish hamda transport xizmatlarini raqamlashtirishni, shu maqsadda Turkiy davlatlar Temiryo‘l idoralari kengashini ta’sis etishni va bu tuzilmaning direksiyasini O‘zbekistonda joylashtirishni taklif etdi.
Beshinchi taklif, albatta, ekologiya sohasi bilan bog‘liq. Mirziyoyevning urg‘ulashicha, iqlim o‘zgarishlari tufayli yuzaga kelayotgan turli muammolardan butun insoniyat qattiq aziyat chekmoqda. Bunday holat barchadan kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlarni amalga oshirishni talab qilmoqda.
Prezident vazirlar darajasida doimiy faoliyat ko‘rsatadigan Turkiy ekologiya forumining tuzilishi bu yo‘lda muhim qadam bo‘lishi shubhasiz ekanini bildirdi.
Eng so‘nggi, oltinchi taklif esa turkiy sivilizatsiyani yuksaltirish g‘oyasi texnologik taraqqiyot va ilg‘or bilimlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bilan bevosita bog‘liqligi haqida bo‘ldi.
Prezident Mirziyoyevga ko‘ra, ijodiy fikrlaydigan, iste’dodli va shijoatli yoshlar istiqbolda turkiy dunyoning yangi Renessansini barpo etadi.
“Bu yo‘lda ularga buyuk ajdodlarimiz yaratgan ilmiy kashfiyotlar va ma’naviy meros mustahkam zamin bo‘lib xizmat qiladi”, deydi Mirziyoyev.
O‘zbekiston rahbari o‘tgan asrda yashagan jadid bobolarni yodga olib, ularning ibratli faoliyati, ilmiy-ijodiy merosini chuqur o‘rganish yuzasidan a’zo mamlakatlarda katta ishlar amalga oshirilayotganini qayd etdi. Ana shu ishlarni yangi bosqichga ko‘tarish maqsadida joriy yilning dekabr oyida O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan “Jadidlar: milliy o‘zlik, istiqlol va davlatchilik g‘oyalari” mavzusidagi xalqaro anjumanda Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar vakillarini faol ishtirok etishga chaqirdi.
Shu bilan birga, yangilikka intilib yashaydigan, tashabbuskor o‘g‘il-qizlarni rag‘batlantirish uchun O‘zbekistonda Turkiy dunyo kreativ yoshlari markazini ochishni taklif qildi.
LiveBarchasi