Mirziyoyev Sloveniya Bosh vazirini O‘zbekistonga taklif qildi

Olam

image

Bugun, 22 may kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Sloveniya Respublikasiga rasmiy tashrif doirasida ushbu mamlakat Bosh vaziri Robert Golob bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston bilan Sloveniya o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik va amaliy sheriklikni, eng avvalo, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sohalarda kengaytirish masalalari diqqat markazida bo‘lgan.

Bugun bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi muzokaralarning samarali natijalari yuksak baholangan.

Savdo, investitsiya va kooperatsiya sohalarida birgalikdagi ishlarni faollashtirish muhim ekani ta’kidlangan. Tashrif doirasida o‘tkaziladigan biznes forumi yangi aloqalarni o‘rnatish va qo‘shma loyihalarni ilgari surish uchun samarali maydon bo‘lishi ta’kidlangan.

Talab yuqori bo‘lgan mahsulotlarni o‘zaro yetkazib berishni ko‘paytirish orqali tovar ayirboshlash hajmini 500 mln yevroga yetkazish choralari ko‘rib chiqilgan.

Qolaversa, mehnat migratsiyasi sohasida tizimli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida doimiy faoliyat yurituvchi ekspertlar guruhini tuzish va zarur normativ-huquqiy bazani tayyorlashga kelishib olingan.

Shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish va o‘zbek mahsulotlarining Yevropa Ittifoqi bozoriga chiqishi uchun Koper porti infratuzilmasidan foydalanish imkoniyatlarini birgalikda o‘rganishga kelishib olingan.

Madaniy-gumanitar almashinuvni kengaytirish masalalari muzokaralarning alohida mavzusi bo‘lgan. Ekologik turizmni, shu jumladan tog‘li va qishloq hududlarida rivojlantirish bo‘yicha Sloveniya tajribasiga alohida qiziqish bildirilgan.

Qo‘shma ta’lim dasturlarini rivojlantirish, shu jumladan Toshkent shahrida Yoshlar innovatsiyalar forumini tashkil etish muhimligi qayd etilgan. Shuningdek, kelgusi yilda o‘zaro madaniyat kunlari va Lyublyana shahrida O‘zbek kinosi haftaligi o‘tkazilishiga kelishib olingan.

Hamkorlikning belgilangan yo‘nalishlarini ilgari surish maqsadida joriy yilning iyul oyida Lyublyana shahrida Hukumatlararo komissiyaning birinchi yig‘ilishini o‘tkazishga kelishib olingan.

Bundan tashqari, erishilgan kelishuvlar va imzolangan bitimlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish maqsadida ikki mamlakat hukumatlari tomonidan keng qamrovli “yo‘l xaritasi” qabul qilinadi.

Uchrashuv yakunida davlat rahbari Sloveniya Bosh vaziri Robert Golobni o‘zi uchun qulay vaqtda O‘zbekistonga tashrif bilan kelishga taklif etgan.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 21 may kuni Mirziyoyev Sloveniya Respublikasi Prezidenti Natasha Pirs Musarning taklifiga binoan rasmiy tashrif bilan Lyublyanaga borgandi. Bugun, 22 may kuni esa Lyublyanadagi Kongress maydonida Prezident Shavkat Mirziyoyevni rasmiy kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi. Qolaversa, bugun, 22 may kuni Lyublyana shahridagi Prezident saroyida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Sloveniya Prezidenti Natasha Pirs Musarning tor doiradagi va rasmiy delegatsiyalar ishtirokidagi muzokaralari bo‘lib o‘tgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Robert Golob

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing