Mirziyoyev Sergelidagi Yoshlar bog‘iga ko‘chat ekdi (video)

Jamiyat

image

Bugun, 19 mart kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahridagi Sergeli tumanida tashkil etilayotgan Yoshlar bog‘iga ko‘chat o‘tqazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Davlat rahbariga bog‘ loyihasi haqida axborot berilgan. Uning maydoni 75 gektardan ziyod bo‘lib, hududi jihatidan poytaxtda “Yangi O‘zbekiston” bog‘idan keyin ikkinchi o‘rinni egallaydi. 

Bog‘ yettita katta hududga bo‘linadi. Markaziy xiyobonda turli maydonlar, ming o‘rinli ochiq amfiteatr, milliy va xalqaro gastronomik zonalar barpo etiladi.

Ma’lum qilinishicha, ochiq havoda ovqatlanish va qiziqarli mashg‘ulotlar uchun alohida joylar bo‘ladi. Musiqiy favvoralar, ochiq osmon ostidagi kinoteatr, san’at ko‘rgazmalari va lazer-shou imkoniyatlari yaratiladi. Bolalar uchun sport va o‘yin maydonlari, mashhur ertaklardagi qishloqlar, ustaxona, kutubxona tashkil etiladi.

Sun’iy ko‘l, kanoe va suzish havzasi, baliq ovi dam oluvchilarga huzurbaxsh bo‘ladi.
19 mart kuni Toshkent shahri jamoatchiligi, davlat tashkilotlari va diplomatik korpus vakillari, yoshlar ishtirokida bog‘da ko‘chatlar ekildi.

Prezident bog‘ loyihasida qatnashayotgan investor va loyihachilar, chet ellik diplomatlar bilan muloqot qildi.

“Xalqimiz qayerda bo‘lsa, daraxt ekishga intilgan. Amir Temur Samarqand atrofida so‘lim bog‘lar barpo etgan, boshqa shaharlarni ham obod qilgan. Buyuk bobolarimizga munosib bo‘lib, bu ishlarni qilyapmiz”, degan Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari boqqa borgan fuqarolar bilan suhbatlashib, ularni Navro‘z bilan tabrikladi. 

Boqqa birinchi bosqichda ming tupdan ziyod kashtan, eman, sharqiy chinor, qizil kurtak, magnoliya, gujum kabi manzarali daraxtlar hamda buta va gullar ekiladi. Loyiha yakuniga qadar ularning soni 20 ming tupga yetadi.

Qayd etilishicha, bog‘ foydalanishga topshirilishi bilan 350 tadan ortiq ish o‘rni yaratiladi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing