Mirziyoyev sayyohlar oqimini keskin oshirmoqchi. Marra 9 mln
Jamiyat
−
23 avgust 2022
9666Kelgusi besh yilda O‘zbekistonga keladigan sayyohlar sonini hozirgi 2 milliondan 9 millionga yetkaziladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkati Mirziyoyev bugun, 23 avgust kuni Samarqand viloyatining Samarqand tumanida Xalqaro turizm markazining ochilishiga bag‘ishlangan bayram tadbiridagi nutqida so‘z ochdi.
"Bundan 3-4 yil oldin Samarqandga tashrif buyuradigan mahalliy va xorijiy turistlar soni 500 ming nafardan oshmas edi. Hozirgi kunda turizmni rivojlantirish bo‘yicha islohotlarimiz, qulay investitsiyaviy muhit yaratish bo‘yicha sa’y-harakatlarimiz tufayli Samarqandga kelayotgan xorijiy turistlar soni 2 barobar ko‘paydi.
Bu marrani yanada yuqori olish uchun barcha imkoniyatlar yetarli. Xususan, kelgusi yillarda Samarqandga keladigan xorijiy turistlar sonini 1,5 milliondan oshirish bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda”, deydi Mirziyoyev.
Uning qayd etishicha, kelgusida bunday zamonaviy majmua Buxoro shahrida ham barpo etiladi.
“Bu kabi loyihalarni respublikamizning barcha hududlarida amalga oshirish bo‘yicha ham rejalarimiz bor”, deydi Prezident.
Davlat rahbari kelgusi besh yilda mamlakatga keladigan sayyohlar sonini hozirgi 2 milliondan 9 millionga yetkazmoqchiligini aytgan.
Yiliga 2 million turistga xizmat qiladigan bu ko‘p tarmoqli markaz tarkibida “Boqiy shahar” majmuasi, Kongress holl, 8 ta zamonaviy mehmonxona, amfiteatr va ko‘plab boshqa ob’ektlar mavjud.
Markaz loyihasini ishlab chiqishda tajribali me’mor va muhandislardan iborat xalqaro jamoa jalb etilgan. Turkiya, Buyuk Britaniya, Italiya kabi davlatlarning yuksak malakali injener va texnik mutaxassislari qurilish jarayonida faol ishtirok etgan.