Mirziyoyev Saudiya delegatsiyasini qabul qildi
Jamiyat
−
15 Oktabr 2751
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 15 oktyabr kuni Saudiya Arabistonining yetakchi kompaniyalari rahbarlaridan iborat nufuzli delegatsiya boshchiligida mamlakatga tashrif buyurgan Saudiya Arabistoni podshohligi investitsiyalar vaziri Xolid al-Falihni qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuv avvalida oliy martabali mehmon davlat rahbariga Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon bin Abdulaziz Ol Saud va Valiahd, Bosh vazir Muhammad bin Salmon Ol Saudning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi. Oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish doirasida O‘zbekiston-Saudiya ko‘p qirrali hamkorligi va keng ko‘lamli sherikligini yanada kengaytirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
Samarali hamkorlik jadal rivojlanib borayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi. Barcha darajadagi aloqalar faollashdi. O‘zaro savdo hajmi, to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar va qo‘shma korxonalar soni ortib bormoqda. Ikki davlat o‘rtasidagi aviaqatnovlar ko‘paydi.
Qo‘shma loyihalar portfeli 27 milliard dollarga yetdi. "ACWA Power" kompaniyasi bilan energetika sohasida 15 milliard dollarlik qator yirik loyihalar amalga oshirilmoqda. Kuni kecha Toshkent shahrida o‘tgan Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kengashining navbatdagi yig‘ilishlarining samarali natijalari, ular doirasida yangi bitim va shartnomalar imzolangani yuksak baholandi.
"Yashil" energetika, qishloq xo‘jaligi, elektrotexnika, ko‘chmas mulk, mamlakatimiz hududlarida infratuzilmani modernizatsiya qilish va boshqa ustuvor yo‘nalishlardagi loyiha va tashabbuslarni tez fursatda amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.
Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistonining yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan ham uchrashuv o‘tkazdi. Tadbirda podshohlikning investitsiyalar vaziri Xolid al-Falih, “ACWA Power”, “Al Muhaidib Group”, “Vision Invest”, “Data Volt”, “Riyadh Cables”, “AlMajdiah”, “InterHealth”, “Saudi Tabreed”, “AlBawani Holding”, “Miahona”, “Pemco” va boshqa yetakchi kompaniya va korporatsiyalari ishtirok etdi.
Uchrashuv avvalida Prezident ikki davlat rahbarlarining birgalikdagi sa’y-harakatlari tufayli keyingi yillarda O‘zbekiston-Saudiya ko‘p qirrali sheriklik munosabatlari yuksak darajaga ko‘tarilganini alohida ta’kidladi. Qo‘shma loyihalarning umumiy portfeli 27 milliard dollardan oshdi. Shu bilan birga, joriy yil boshidan buyon yurtimizda Saudiyaning 2 milliard dollarlik investitsiyalari o‘zlashtirildi. O‘zaro savdo hajmi barqaror oshib bormoqda. Aviaqatnovlar soni haftasiga 60 martadan ortdi.
Bugun ikki mamlakat o‘rtasidagi samarali va uzoq muddatli sheriklikning yana bir yorqin dalili bo‘lgan tarixiy loyiha – yangi Toshkent xalqaro aeroportining qurilishiga tamal toshi qo‘yilishi alohida ta’kidlandi.
“O‘zbekistonning iqtisodiy transformatsiyasiga, uning rivojlanishiga katta hissa qo‘shayotgan saudiyalik hamkorlarimizni biz doim yuksak qadrlaymiz”, dedi Prezident.
So‘ng O‘zbekiston yetakchisi hamkorlikni yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini ko‘rsatib, energetika sohasidagi loyihalar alohida ahamiyatga ega ekanini qayd etdi. Bugungi kunda "ACWA Power" kompaniyasi tomonidan mamlakatda 15 milliard dollarlik loyihalar, jumladan, hududlarda shamol va quyosh elektr stansiyalarini qurish, "yashil" vodorodni rivojlantirish loyihalari amalga oshirilmoqda. Bunday loyihalarda mahalliy ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlaridan keng foydalanish sanoat salohiyati rivojlanishiga xizmat qiladi.
Axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratildi. "Data Volt" kompaniyasi Toshkent shahrida zamonaviy ma’lumotlar markazini tashkil etish loyihasini muvaffaqiyatli amalga oshirmoqda. Yangi Toshkent va Buxoroda shunday markazlar qurilishini, shuningdek, Saudiya Arabistoni kompaniyalarining raqamli tashabbuslardagi ishtirokini qo‘llab-quvvatlashga tayyorlik bildirildi.
Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston volfram, molibden, magniy, litiy, grafit, titan va boshqa strategik muhim foydali qazilmalarning katta zaxiralariga ega. Toshkent va Samarqand viloyatlarida "Kelajak metallari texnoparki" tashkil etilib, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.
Shu munosabat bilan, mamlakat yetakchisi saudiyalik investorlarni geologiya-qidiruv ishlarini olib borish va xomashyoni qazib olishdan tortib, uni qayta ishlash va tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha bo‘lgan barcha jarayonlardagi loyihalarda faol ishtirok etishga taklif etdi.
Infratuzilma sohasida "Miahona" kompaniyasi bilan Farg‘ona va Jizzax shaharlarida oqova suvlarni tozalash, Qoraqalpog‘istonda suv ta’minoti tizimlarini rivojlantirish va nasos stansiyalarini modernizatsiya qilish loyihalari bo‘yicha muvaffaqiyatli hamkorlik qilinayotgani qayd etildi.
Shuningdek, "Saudi Tabreed" kompaniyasi bilan kommunal sohani rivojlantirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Prezidentimiz Podshohlik kompaniyalarini infratuzilmani modernizatsiya qilish va aholi turmush sifatini oshirishga qaratilgan yangi o‘zaro manfaatli loyihalarda faol ishtirok etishga chaqirdi.
O‘z navbatida, Saudiya Arabistoni yetakchi ishbilarmon doiralari vakillari Yangi O‘zbekistonning iqtisodiy siyosati, barqaror o‘sishi va qulay investitsiyaviy muhitini yuqori baholab, mamlakatda o‘zaro manfaatli sheriklikni yanada chuqurlashtirish, aniq loyiha va dasturlarni ilgari surish rejalarini bayon qildi.