Mirziyoyev Saudiya Arabistoniga jo‘nab ketdi
Jamiyat
−
18 iyul 2023
5251Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon bin Abdulaziz Ol Saudning taklifiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 18 iyul kuni amaliy tashrif bilan Saudiya Arabistoniga jo‘nab ketdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Tashrif dasturiga muvofiq, davlat rahbari Jidda shahrida “Markaziy Osiyo – Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi” formatidagi birinchi sammitda ishtirok etadi va nutq so‘zlaydi.
Tadbir doirasida qator ikki tomonlama uchrashuv va muzokaralar o‘tkazilishi ham rejalashtirilgan.
Bo‘lajak oliy darajadagi uchrashuvda Saudiya Arabistoni Podshohligi, Bahrayn Podshohligi, Qatar Davlati, Kuvayt Davlati, Birlashgan Arab Amirliklari, O‘mon Sultonligi, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston rahbarlari hamda kengashning Bosh kotibi ishtirok etishi ko‘zda tutilgan.
Kun tartibiga muvofiq, siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar sohalarda mintaqalararo hamkorlikni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqiladi. Xalqaro va mintaqaviy siyosatning dolzarb jihatlari yuzasidan fikr almashiladi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev va Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarovning sammitda qatnashishi xabar qilingandi.
LiveBarchasi