Mirziyoyev ozodlikka chiqqan ayrim shaxslar ustidan ma’muriy nazorat o‘rnatishga oid Qonunni imzoladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan ayrim toifadagi shaxslar ustidan ma’muriy nazorat to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini imzoladi. 

Mazkur qonun joriy yilning 7 yanvar kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan. Senat tomonidan 28 fevral kuni ma’qullangan. 

Qonun 4 bobdan iborat bo‘lib, u 25 moddani o‘z ichiga oladi. Qonunning to‘liq matni bilan quyida tanishishingiz mumkin. 


1-bob. Umumiy qoidalar

1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi

Ushbu Qonunning maqsadi jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan ayrim toifadagi shaxslar ustidan ma’muriy nazorat (bundan buyon matnda ma’muriy nazorat deb yuritiladi) bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

2-modda. Ma’muriy nazoratning asosiy vazifasi

Ma’muriy nazoratning asosiy vazifasi jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan ayrim toifadagi shaxslar tomonidan huquqbuzarliklar sodir etilishining oldini olish maqsadida ularga yakka tartibda profilaktik ta’sir ko‘rsatishdan iboratdir.

3-modda. Ma’muriy nazorat to‘g‘risidagi qonun hujjatlari

Ma’muriy nazorat to‘g‘risidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun 
va boshqa qonun hujjatlaridan iborat.
Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining ma’muriy nazorat to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.

4-modda. Ma’muriy nazoratning asosiy prinsiplari

Ma’muriy nazoratning asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:

qonuniylik;

demokratizm;

adolatparvarlik;

insonparvarlik;

fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga
rioya qilish va ularni hurmat qilish;
belgilanadigan cheklovlarning differensiallashganligi va individuallashtirilganligi;

qonunga itoatkorlik xulq-atvorini rag‘batlantirish.

5-modda. Asosiy tushunchalar

Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:

ma’muriy nazorat – nazorat ostidagi shaxslarga sud tomonidan belgilanadigan ma’muriy cheklovlarni qo‘llashdan iborat tarbiyaviy-profilaktik ta’sir ko‘rsatish choralari majmui;

ma’muriy cheklov – huquqlar va erkinliklarni vaqtinchalik cheklash yoki zimmaga majburiyatlar yuklatish bo‘lib, ushbu cheklash 
yoki majburiyat yuklatish jazoni ijro etish muassasasidan ozod qilingan shaxsga nisbatan sud tomonidan belgilanadi;
nazorat ostidagi shaxs – o‘ziga nisbatan ma’muriy nazorat amalga oshirilayotgan shaxs;

nazorat ostidagi shaxsning yashash joyi (yashash joyi) – nazorat ostidagi shaxs doimiy yoki vaqtincha propiska qilingan turar joy.

6-modda. O‘ziga nisbatan ma’muriy nazorat

o‘rnatiladigan shaxslar

Ushbu Qonun 8-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan asoslar mavjud bo‘lganda quyidagi voyaga yetgan shaxslarga nisbatan sud tomonidan ma’muriy nazorat o‘rnatiladi:

sud tomonidan o‘ta xavfli retsidivist deb topilgan;

og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etganlik uchun ozodlikdan mahrum qilishga hukm etilgan;

har qanday qasddan qilingan jinoyatlar uchun ikki yoki undan ortiq marta ozodlikdan mahrum qilishga hukm etilgan;

O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga binoan og‘ir 
yoki o‘ta og‘ir jinoyat hisoblanadigan qilmishlarni sodir etganlik uchun boshqa davlat hududida ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazoni o‘tagan.
Ma’muriy nazorat sudlanganligi olib tashlangan yoki sudlanganlik holati tugallangan shaxslarga nisbatan o‘rnatilishi mumkin 
emas.
7-modda. Ma’muriy nazorat chog‘ida belgilanadigan

ma’muriy cheklovlar

Nazorat ostidagi shaxslarga nisbatan sudning sodir etilgan qilmishning xususiyati hisobga olingan holdagi qarori asosida quyidagi ma’muriy cheklovlar belgilanishi mumkin:

yashash joyidan sutkaning belgilangan vaqtida tashqarida bo‘lishni taqiqlash;

muayyan joylarda bo‘lishni taqiqlash;

sud tomonidan belgilangan hudud doirasidan ichki ishlar organlarining ruxsatisiz chiqishni taqiqlash;

ro‘yxatdan o‘tish uchun har oyda bir martadan to‘rt martagacha ichki ishlar organiga (ichki ishlar organining tayanch punktiga) kelish;

alkogolli ichimliklarni iste’mol qilishni taqiqlash.

Ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan ma’muriy cheklovlar nazorat ostidagi shaxsning turmush tarziga, oilaviy ahvoliga, shuningdek uning shaxsini tavsiflovchi boshqa holatlarga qarab to‘liq hajmda 
yoki alohida-alohida tarzda belgilanadi.
Ma’muriy cheklovlarning ro‘yxati uzil-kesil bo‘lib, unga qo‘shimchalar kiritilishi yoki u kengaytirib sharhlanishi mumkin emas.

Qo‘llaniladigan ma’muriy cheklovlar sud tomonidan ichki ishlar organining taqdimnomasiga yoki nazorat ostidagi shaxsning yoxud uning vakilining arizasiga, shuningdek mehnat jamoasining, jamoat birlashmasining va fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organining iltimosnomasiga binoan nazorat ostidagi shaxsning turmush tarzi 
va xulq-atvori haqidagi ma’lumotlar inobatga olingan holda qisman bekor qilinishi mumkin.
2-bob. Ma’muriy nazoratni o‘rnatish, amalga oshirish,

uzaytirish, tugatish va ma’muriy cheklovlarni

qisman bekor qilish tartibi

8-modda. Ma’muriy nazoratni o‘rnatish tartibi

Ma’muriy nazorat o‘rnatish zarurligi to‘g‘risidagi asoslantirilgan taqdimnoma sudga quyidagilar tomonidan yuboriladi:

sud tomonidan o‘ta xavfli retsidivist deb topilgan shaxslarga nisbatan – ularni ozod etishdan kamida bir oy oldin jazoni ijro etish muassasasining boshlig‘i tomonidan;

jazoni ijro etish muassasalarida turgan og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etganlik uchun ozodlikdan mahrum qilishga hukm etilgan yoxud har qanday qasddan qilingan jinoyatlar uchun ikki yoki undan ortiq marta ozodlikdan mahrum qilishga hukm etilgan shaxslarga nisbatan, agar ular jazoni o‘tash davrida belgilangan tartibda saqlash rejimini qasddan buzuvchilar deb topilgan bo‘lsa, – ularni ozod etishdan kamida bir oy oldin jazoni ijro etish muassasasining boshlig‘i tomonidan;

jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilgan shaxslarga nisbatan – sudlanganlik holatining tugatilishi yoki sudlanganlikning olib tashlanishi muddatlari doirasida ichki ishlar organining boshlig‘i tomonidan ushbu shaxslar jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilganidan keyin bir yil ichida ikki yoki undan ko‘proq ma’muriy huquqbuzarliklarni sodir etganligidan dalolat beruvchi materiallar asosida.

Ma’muriy nazorat o‘rnatish zarurligi to‘g‘risidagi taqdimnomada ma’muriy nazoratni o‘rnatish zarurati, o‘rnatiladigan ma’muriy cheklovlar yuzasidan takliflar va o‘ziga nisbatan ma’muriy nazorat o‘rnatilishi mumkin bo‘lgan shaxsning o‘zi tanlagan yashash joyi haqidagi ma’lumotlar ko‘rsatiladi.

Agar jazoni ijro etish muassasasidan ozod etilayotgan shaxsning ma’lum sabablarga ko‘ra aniq turar joyi bo‘lmasa, jazoni ijro etish muassasasi ma’muriyati unga yashash joyi bilan ta’minlash, doimiy 
yoki vaqtinchalik propiska qilish hamda ishga joylashishga yordam berishni so‘rab, shuningdek nogiron yoki og‘ir kasalliklarga chalingan shaxslarni davolash masalalarini oldindan hal qilish to‘g‘risida tegishli mahalliy davlat hokimiyati organlariga, ichki ishlar organlariga va sog‘liqni saqlash muassasalariga iltimosnoma yuboradi.
Ma’muriy nazorat o‘rnatish zarurligi to‘g‘risidagi taqdimnoma olingan paytdan e’tiboran o‘n kundan kechiktirmay jinoyat ishlari bo‘yicha tuman (shahar) sudining sudyasi tomonidan sud majlisida ichki ishlar organi vakilining majburiy ishtirokida va o‘ziga nisbatan ma’muriy nazorat o‘rnatish zarurligi to‘g‘risidagi taqdimnoma ko‘rib chiqilayotgan shaxs ishtirokida yakka tartibda ko‘rib chiqiladi.

Agar o‘ziga nisbatan ma’muriy nazorat o‘rnatish zarurligi to‘g‘risidagi taqdimnoma ko‘rib chiqiladigan, sud majlisi o‘tkaziladigan vaqt va joy haqida xabardor qilingan shaxs uzrsiz sabablarga ko‘ra sud majlisiga kelmasa, shuningdek sud majlisini boshqa kunga qoldirish to‘g‘risida iltimosnoma taqdim etilmagan bo‘lsa, taqdimnoma sud tomonidan ushbu shaxsning ishtirokisiz ko‘rib chiqilishi mumkin.

Sudning ma’muriy nazorat o‘rnatish to‘g‘risidagi qarorida ma’muriy nazoratni o‘rnatish uchun asos, uning muddati va nazorat ostidagi shaxsga nisbatan o‘rnatiladigan ma’muriy cheklovlar ko‘rsatiladi. Agar ma’muriy nazorat jazoni ijro etish muassasasidan ozod etish chog‘ida belgilangan bo‘lsa, sudning ma’muriy nazorat o‘rnatish to‘g‘risidagi qarorida nazorat ostidagi shaxs tanlagan yashash joyiga yetib keladigan muddat ham ko‘rsatiladi.

Jazoni ijro etish muassasasidan ozod etilayotgan shaxsning aniq yashash joyi ma’lum bo‘lmagan taqdirda, sud uning ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanishidan oldin yashagan oxirgi yashash joyi bo‘yicha ma’muriy nazorat o‘rnatish to‘g‘risida qaror qabul qiladi. Nazorat ostidagi shaxsning yashash joyi bo‘lmagan taqdirda, sud mahalliy davlat hokimiyati organlariga nazorat ostidagi shaxsni turar joy bilan ta’minlash choralarini ko‘rish majburiyatini yuklash to‘g‘risida qaror chiqaradi.

9-modda. Ma’muriy nazorat muddati

Ma’muriy nazorat olti oydan bir yilgacha muddatga o‘rnatiladi. Ma’muriy nazorat muddati ma’muriy nazoratni o‘rnatish to‘g‘risida sud tomonidan qaror chiqarilgan paytdan e’tiboran, ma’muriy nazorat jazoni ijro etish muassasalaridan shaxsni ozod etish chog‘ida o‘rnatilgan hollarda esa, nazorat ostidagi shaxs tanlagan yashash joyiga yetib kelgan paytdan e’tiboran hisoblanadi.

Ma’muriy nazorat muddatining o‘tishi quyidagi hollarda to‘xtatib turiladi:

nazorat ostidagi shaxsga qidiruv e’lon qilinganda;

nazorat ostidagi shaxs sud tomonidan bedarak yo‘qolgan deb topilganda.

Nazorat ostidagi shaxs ma’muriy huquqbuzarlikni sodir etgan taqdirda, ma’muriy nazorat muddati ichki ishlar organining taqdimnomasi bo‘yicha sud tomonidan olti oygacha bo‘lgan muddatga, lekin sudlanganlik holatining tugallanishi yoki sudlanganlikning olib tashlanishi muddatidan ortiq bo‘lmagan muddatga uzaytirilishi mumkin.

10-modda. Nazorat ostidagi shaxsga sudning ma’muriy

nazorat o‘rnatish, uning muddatini uzaytirish

yoki ma’muriy cheklovlarni qisman bekor qilish

to‘g‘risidagi qarorini e’lon qilish va topshirish

Nazorat ostidagi shaxs sud majlisida ishtirok etgan taqdirda sudning ma’muriy nazorat o‘rnatish, uning muddatini uzaytirish 
yoki ma’muriy cheklovlarni qisman bekor qilish to‘g‘risidagi qarori nazorat ostidagi shaxsga sud tomonidan e’lon qilinadi.
Sudning qarori tegishincha jazoni ijro etish muassasasiga 
yoki nazorat ostidagi shaxsning yashash joyidagi ichki ishlar organiga keyinchalik nazorat ostidagi shaxsga tilxat olib topshirish uchun yuboriladi.
Sudning qarorini nazorat ostidagi shaxsga topshirish chog‘ida uning huquq va majburiyatlari, o‘ziga nisbatan belgilangan ma’muriy cheklovlarni buzganlik va zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarni bajarmaganlik, shu jumladan ma’muriy nazoratdan bo‘yin tovlash maqsadida yashash joyini o‘zboshimchalik bilan tark etganlik uchun javobgarligi, o‘ziga nisbatan ma’muriy nazorat jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilishidan oldin o‘rnatilgan shaxsga esa, tanlagan yashash joyiga belgilangan muddatda yetib bormaganlik uchun javobgarligi tushuntiriladi.

11-modda. Jazoni ijro etish muassasasi tomonidan

sudning ma’muriy nazorat o‘rnatish to‘g‘risidagi

qarorini yuborish

Jazoni ijro etish muassasasi ma’muriyati jazoni o‘tash davrida o‘ziga nisbatan ma’muriy nazorat o‘rnatilgan shaxsni jazoni ijro etish muassasasidan ozod qilishdan oldin nazorat ostidagi shaxsning tanlagan yashash joyidagi ichki ishlar organiga sudning ma’muriy nazorat o‘rnatish to‘g‘risidagi qarorini ushbu shaxs yetib boradigan vaqt to‘g‘risida yozma ravishda xabar qilgan holda yuboradi.

12-modda. Ma’muriy nazoratni amalga oshirish tartibi

Ma’muriy nazorat nazorat ostidagi shaxsning yashash joyidagi ichki ishlar organi tomonidan amalga oshiriladi va quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

ma’muriy nazorat muddati mobaynida nazorat ostidagi shaxslarning hisobini yuritish, shu jumladan ularning turmush tarzi, xulq-atvori va niyatlari to‘g‘risida axborot to‘plash;

nazorat ostidagi shaxsning ijtimoiy reabilitatsiyasi va ijtimoiy moslashuviga ko‘maklashish;

nazorat ostidagi shaxsning o‘ziga nisbatan belgilangan ma’muriy cheklovlarga rioya etishi va yashash, ish, o‘qish yoki xizmat joyi bo‘yicha zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarni bajarishi ustidan nazoratni amalga oshirish;

nazorat ostidagi shaxs bilan uning huquqbuzarliklar sodir etishining oldini olishga qaratilgan yakka tartibdagi profilaktika ishlarini amalga oshirish;

nazorat ostidagi shaxsning o‘ziga nisbatan belgilangan ma’muriy cheklovlarni buzganligi va zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarni bajarmaganligi faktlarini aniqlash hamda hujjatlashtirish bo‘yicha choralar ko‘rish.

Yashash joyi o‘zgargan taqdirda ma’muriy nazoratni nazorat ostidagi shaxsning yangi yashash joyidagi ichki ishlar organi amalga oshiradi.

Ma’muriy nazoratni amalga oshirish bo‘yicha tadbirlarni 
o‘tkazish davriyligi va vaqti sud belgilagan ma’muriy cheklovlardan, nazorat ostidagi shaxsning turmush tarzi, oilaviy ahvoli, 
xulq-atvoridan, shuningdek uning shaxsini tavsiflovchi boshqa holatlardan kelib chiqqan holda ichki ishlar organi tomonidan mustaqil ravishda belgilanadi.

Ma’muriy nazorat nazorat ostidagi shaxsning bir maromdagi hayot faoliyatiga to‘sqinlik qilmasligi kerak va, qoida tariqasida, uning ishdan, o‘qishdan yoki xizmatdan bo‘sh vaqtida amalga oshiriladi.

13-modda. Ma’muriy nazoratni tugatish tartibi

Ma’muriy nazorat quyidagi hollarda tugatiladi:

ma’muriy nazorat o‘rnatilgan muddat tugaganda;

sudlanganlik holati tugallangan yoki sudlanganlik olib tashlanganda;

nazorat ostidagi shaxs ozodlikdan mahrum qilishga hukm etilgan va jazoni o‘tash joyiga yuborilganda;

nazorat ostidagi shaxsga nisbatan tibbiy yo‘sindagi majburlov choralari qo‘llanilganda;

nazorat ostidagi shaxs boshqa davlatga doimiy yashash joyiga chiqib ketganda;

nazorat ostidagi shaxs vafot etgan yoki sudning uni vafot etgan deb topish to‘g‘risidagi qarori qonuniy kuchga kirganda.

Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan asoslar bo‘yicha ma’muriy nazoratni tugatish to‘g‘risida ichki ishlar organi tomonidan qaror chiqariladi.

Agar nazorat ostidagi shaxs huquqbuzarlik sodir etmayotganligi, o‘ziga nisbatan belgilangan ma’muriy cheklovlarga rioya qilayotganligi hamda zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarni bajarayotganligi aniqlansa, shuningdek yashash, ish, o‘qish yoki xizmat joyidan ijobiy tavsifnomalar mavjud bo‘lsa, ma’muriy nazorat muddatining kamida yarmi o‘tgach ichki ishlar organining taqdimnomasi yoxud nazorat ostidagi shaxsning yoki uning vakilining arizasi asosida, shuningdek mehnat jamoasining, jamoat birlashmasining va fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organining iltimosnomasiga ko‘ra ma’muriy nazorat sud tomonidan muddatidan ilgari tugatilishi mumkin. Ma’muriy nazoratni muddatidan ilgari tugatish to‘g‘risidagi taqdimnoma, ariza yoki iltimosnoma o‘n kunlik muddatda ko‘rib chiqilishi lozim.

Ma’muriy nazoratni muddatidan ilgari tugatish to‘g‘risida sud tomonidan qaror chiqariladi, qaror nazorat ostidagi shaxsga e’lon qilinadi.

3-bob. Nazorat ostidagi shaxsning huquq va majburiyatlari.

Ichki ishlar organlarining ma’muriy nazoratni

amalga oshirish borasidagi vakolatlari

14-modda. Nazorat ostidagi shaxsning huquqlari

Nazorat ostidagi shaxs quyidagi huquqlarga ega:

advokat xizmatlaridan foydalanish;

ko‘rib chiqilayotgan masala yuzasidan izohlar berish;

dalillar taqdim etish;

sudda ma’muriy nazorat o‘rnatish va cheklovlar qo‘llash to‘g‘risidagi materiallar bilan tanishib chiqish hamda ulardan zarur ma’lumotlarni yozib olish, materiallar va hujjatlardan texnika vositalari yordamida o‘z hisobidan ko‘chirma nusxalar olish yoki ulardagi ma’lumotlarni o‘zga shaklda qayd etish;

ma’muriy nazoratni muddatidan ilgari tugatish to‘g‘risida, shuningdek belgilangan ma’muriy cheklovlarni qisman bekor qilish haqida sudga bevosita yoki vakili orqali arizalar bilan murojaat etish;

sud majlisining bayonnomasi bilan tanishish hamda u bo‘yicha o‘z mulohazalarini bildirish;

sudning ma’muriy nazorat o‘rnatish, u bilan bog‘liq ma’muriy cheklovlar va uning muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi qarori ustidan shikoyat qilish;

ish bo‘yicha keltirilgan protestlar va kelib tushgan shikoyatlardan xabardor bo‘lish va ularga nisbatan e’tirozlar bildirish;

yashash joyidan tashqarida bo‘lish va (yoki) sud tomonidan belgilangan hudud doirasidan qisqa muddatga chiqish uchun ruxsatnomalar olish to‘g‘risidagi arizalar bilan ichki ishlar organlariga murojaat etish;

bevosita yoki vakili orqali ichki ishlar organlarining qarorlari va ular mansabdor shaxslarining ma’muriy nazoratni o‘rnatish va amalga oshirish chog‘idagi harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilish.

15-modda. Nazorat ostidagi shaxsning majburiyatlari

Nazorat ostidagi shaxs quyidagi ma’muriy nazorat qoidalariga rioya etishi shart:

jazoni ijro etish muassasasidan ozod qilinganidan keyin o‘zi tanlagan yashash joyiga sud tomonidan belgilangan muddatda yetib borish;

jazoni ijro etish muassasasidan ozod qilinganidan keyin, shuningdek yashash joyi o‘zgarganidan so‘ng o‘zi tanlagan yashash joyiga yetib kelgan kundan e’tiboran uch kun ichida hisobga qo‘yilish uchun ma’muriy nazoratni amalga oshiruvchi ichki ishlar organiga kelish;

o‘ziga nisbatan belgilangan ma’muriy cheklovlarga rioya etish;

ma’muriy nazoratni amalga oshiruvchi ichki ishlar organidan yashash joyidan tashqarida bo‘lish va (yoki) sud tomonidan belgilangan hudud doirasidan tashqariga qisqa muddatga chiqish uchun ruxsatnoma olingan taqdirda, qisqa muddatga chiqilayotgan hududning ichki ishlar organini xabardor qilish;

qisqa muddatga chiqish joyidan qaytib kelganida doimiy yashash joyi bo‘yicha ichki ishlar organini xabardor qilish;

ma’muriy nazoratni amalga oshiruvchi ichki ishlar organini ishga joylashganligi, yashash, ish, o‘qish yoki xizmat joyi o‘zgarganligi 
yoxud mehnat shartnomasi bekor qilinganligi to‘g‘risida uch kun ichida xabardor qilish;

yashash joyidagi ichki ishlar organiga ushbu organ tomonidan belgilangan muddatda chaqiruvga ko‘ra borish;

o‘ziga nisbatan belgilangan ma’muriy cheklovlarga rioya etish va zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarni bajarish bilan bog‘liq masalalar yuzasidan og‘zaki va yozma tushuntirishlar berish.

16-modda. Ma’muriy nazoratni amalga oshirishda

ichki ishlar organlarining huquqlari

Ma’muriy nazoratni amalga oshirishda ichki ishlar organlari quyidagi huquqlarga ega:

nazorat ostidagi shaxsning xulq-atvori to‘g‘risida ish, o‘qish yoki xizmat joyi ma’muriyatidan, jamoat birlashmasidan, yashash joyidagi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organidan, shuningdek fuqarolardan ma’lumotlarni so‘rash va olish;

nazorat ostidagi shaxsga uy-joy berish va uni ishga joylashtirish to‘g‘risida tegishli davlat organlariga, boshqa korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga iltimosnomalar yuborish;

profilaktik suhbat o‘tkazish uchun nazorat ostidagi shaxsni uning yashash joyidagi ichki ishlar organlariga chaqirish, nazorat ostidagi shaxsning talabi bilan bunday suhbatlarni advokat, jamoatchilik, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organi vakillari yoki yaqin qarindoshlari ishtirokida o‘tkazish;

nazorat ostidagi shaxsdan o‘ziga nisbatan belgilangan ma’muriy cheklovlarga rioya etish hamda zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarni bajarish bilan bog‘liq masalalar yuzasidan og‘zaki va yozma tushuntirishlar talab qilish.

Ichki ishlar organlari ma’muriy nazoratni amalga oshirish bo‘yicha alohida tadbirlarni o‘tkazishda davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, boshqa tashkilotlar va fuqarolar bilan hamkorlik qilishi mumkin.

17-modda. Ma’muriy nazoratni amalga oshirishda ichki ishlar

organlarining majburiyatlari

Ma’muriy nazoratni amalga oshirishda ichki ishlar organlari:

nazorat ostidagi shaxsga uning huquqlari va majburiyatlarini tushuntirishi, shuningdek o‘ziga nisbatan belgilangan ma’muriy cheklovlarni buzganlik hamda zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarni bajarmaganlik uchun javobgarlik to‘g‘risida ogohlantirishi;

ma’muriy nazorat muddati mobaynida nazorat ostidagi shaxslarning hisobini yuritishi;

nazorat ostidagi shaxslarni o‘zlari tanlagan yashash joyida propiska qilish va ularni ishga joylashtirish yuzasidan zarur choralar ko‘rishi;

ma’muriy nazorat ostidagi shaxsning o‘ziga nisbatan belgilangan ma’muriy cheklovlarga rioya etishi va yashash, ish, o‘qish yoki xizmat joyi bo‘yicha zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarni bajarishi ustidan tizimli ravishda nazoratni amalga oshirishi;

nazorat ostidagi shaxs bilan uning huquqbuzarliklar sodir etishining oldini olishga qaratilgan yakka tartibdagi profilaktika ishlarini olib borishi;

jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilinganidan keyin yashash joylariga belgilangan muddatda uzrli sabablarsiz yetib kelmagan, shuningdek yashash joylarini o‘zboshimchalik bilan tark etgan yoki sud tomonidan belgilangan hudud doirasidan ruxsatnomasiz chiqib ketgan nazorat ostidagi shaxslarning qidiruvini amalga oshirishi shart.

Ma’muriy nazoratni o‘rnatish va amalga oshirish nazorat ostidagi shaxsning boshqa huquqlari va qonuniy manfaatlarini buzmasligi, uning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitmasligi kerak.

18-modda. Nazorat ostidagi shaxslarning qidiruvi

Nazorat ostidagi shaxs yashash joyini o‘zboshimchalik bilan tark etganda, shuningdek jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilish chog‘ida ma’muriy nazorat o‘rnatilgan hollarda yashash joyiga belgilangan muddatda uzrli sabablarsiz yetib kelmaganda ichki ishlar organi nazorat ostidagi shaxsning turar joyi va yetib kelmaslik sabablarini aniqlash choralarini ko‘radi.

Nazorat ostidagi shaxsning qayerdaligi aniqlanmagan taqdirda ichki ishlar organi nazorat ostidagi shaxsning turar joyi va yetib kelmaslik sabablarini aniqlash bo‘yicha ko‘rilgan choralar haqidagi hujjatlar (dalolatnoma, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organining ma’lumotnomasi, fuqarolarning yozma ko‘rsatuvlari, ichki ishlar organi xodimining bildirgisi) bilan birga sudga unga nisbatan qidiruv e’lon qilish zarurligi to‘g‘risida taqdimnoma yuboradi.

Nazorat ostidagi shaxsga nisbatan qidiruv e’lon qilish zarurligi to‘g‘risidagi taqdimnoma sud tomonidan besh kunlik muddatda ko‘rib chiqiladi.

Nazorat ostidagi shaxsga nisbatan qidiruv e’lon qilish to‘g‘risida sud tomonidan qaror qabul qilinadi.

Nazorat ostidagi shaxslarning qidiruvi ichki ishlar organlari tomonidan amalga oshiriladi.

19-modda. Ichki ishlar organlari tomonidan nazorat ostidagi shaxslarga beriladigan ruxsatnomalar

Ma’muriy nazoratni amalga oshiruvchi ichki ishlar organi 
nazorat ostidagi shaxsga yashash joyidan tashqarida bo‘lish va (yoki) sud tomonidan belgilangan hudud doirasidan qisqa muddatga chiqish uchun o‘n kundan ko‘p bo‘lmagan muddatga quyidagi shaxsiy holatlar munosabati bilan ruxsatnoma beradi:

yaqin qarindoshining o‘limi yoki og‘ir kasalligi;

ishga joylashish yoki tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish zarurati;

ta’lim muassasalariga qabul qilish chog‘ida kirish imtihonlarini topshirish zarurati.

Ushbu modda birinchi qismining birinchi xatboshisida ko‘rsatilgan ruxsatnoma quyidagi hollarda bir oygacha bo‘lgan muddatga berilishi mumkin:

nazorat ostidagi shaxsning tibbiy yordam olishi yoki sog‘liqni saqlash muassasalarida davolanishdan o‘tishi zarur bo‘lganda;

tabiiy ofat yoki boshqa favqulodda vaziyatlar munosabati 
bilan yashash joyida bundan buyon istiqomat qilishning imkoni bo‘lmasa;

sud tomonidan belgilangan hudud doirasidan tashqarida ta’lim olganda.

Ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan muddat oshib ketgan taqdirda, ma’muriy nazorat nazorat ostidagi shaxsning turgan joyi bo‘yicha amalga oshiriladi.

4-bob. Yakunlovchi qoidalar

20-modda. Sudning, ichki ishlar organlarining qarorlari
va ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilish (protest keltirish)

Ichki ishlar organlarining ma’muriy nazoratni o‘rnatish va amalga oshirish bilan bog‘liq qarorlari, ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan prokuror tomonidan protest keltirilishi yoki nazorat ostidagi shaxs yoki uning vakili tomonidan sud qarori nusxasi olingan kundan boshlab o‘n kunlik muddatda bo‘ysunuv tartibida yuqori turuvchi organga yoki sudga shikoyat qilinishi mumkin.

Sudning ma’muriy nazorat o‘rnatish, uning muddatini uzaytirish yoki uni muddatidan ilgari tugatish yoxud ma’muriy cheklovlarni qisman bekor qilish to‘g‘risidagi qarori ustidan shikoyat yoki protest yuqori turuvchi sud tomonidan ko‘rib chiqiladi. Shikoyat yoki protestni ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha sud tomonidan quyidagi qarorlardan biri chiqariladi:

sudning qarorini o‘zgarishsiz qoldirish to‘g‘risida;

sudning qarorini o‘zgartirish to‘g‘risida;

sudning qarorini bekor qilish to‘g‘risida;

sudning ma’muriy nazorat o‘rnatishni rad qilish to‘g‘risidagi qarorini bekor qilish va ma’muriy nazorat o‘rnatish haqida.

Shikoyat berilishi yoki protest keltirilishi ma’muriy nazoratning amalga oshirilishini sud ma’muriy nazoratni tugatish to‘g‘risida qaror chiqarguniga qadar to‘xtatib turmaydi.

21-modda. Ma’muriy nazorat to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik

Ma’muriy nazorat to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.

22-modda. O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish

Quyidagilar o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilsin:

1) O‘zbekiston Respublikasining 1992 yil 9 dekabrda qabul qilingan “Jazoni ijro etish muassasalaridan bo‘shatilgan shaxslar ustidan ichki ishlar idoralarining ma’muriy nazorati to‘g‘risida”gi 750–XII-sonli Qonuni (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993 yil, № 1, 33-modda);

2) O‘zbekiston Respublikasining 1999 yil 20 avgustda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi 832–I-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1999 yil, № 9, 229-modda) VIII bo‘limi.

23-modda. Ushbu Qonunning ijrosini, yetkazilishini, mohiyati va ahamiyati tushuntirilishini ta’minlash

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi o‘rtasida tushuntirilishini ta’minlasin.

24-modda. Qonun hujjatlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirish

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;

davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid bo‘lgan o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta’minlasin.

25-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi

Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 
Shavkat Mirziyoyev 

 


Maqola muallifi

Teglar

Qonun

Baholaganlar

6

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing