Kim bo‘lishidan qat’i nazar qonunbuzarga nisbatan jazo muqarrar – Mirziyoyeva Samarqanddagi holat haqida
Jamiyat
−
18 mart
18548Avvalroq, Samarqandda 13 yashar bola oyog‘idan kishanlangan holda topilgani haqida xabar bergan edik. Voqea yuzasidan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning kenja qizi – Ijtimoiy himoya agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva ham munosabat bildirdi.
"Jamoatchilikni larzaga keltirgan bu hodisa ko‘rilayotgan chora-tadbirlar bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlariga barham berish uchun hali yetarli emasligini ko‘rsatib qo‘ydi. Qolaversa, bu qonunbuzarlik barchamiz uchun muborak Ramazon oyida sodir etilgani kishini battar qayg‘uga soladi", deydi Mirziyoyeva.
U mamlakatda birorta ham voyaga yetmagan shaxs bunday holatga tushib qolmasligi uchun jamiyatda bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning har qanday ko‘rinishiga nisbatan murosasiz munosabat shakllanishi yo‘lidagi sa’y-harakatlarini davom ettirishini ta’kidlagan. Shuningdek, Mirziyoyeva mazkur jinoyat fosh bo‘lishiga hissa qo‘shgan, o‘z vaqtida ichki ishlar organlariga xabar bergan jamoatchilik vakillariga minnatdorlik bildirgan.
"Samarqandda ro‘y bergan voqea Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan nazoratga olingan. Biroq biz quruq bayonot bilan cheklanib qolmay, jabrlanuvchining sog‘lomlashtirilishi, ta’lim olishi va normal sharoitda yashashi uchun barcha zarur sharoitlar yaratilishi uchun g‘amxo‘rlik ko‘rsatadi. Kim bo‘lishidan qat’i nazar qonunbuzarga nisbatan jazo muqarrarligi ta’minlanishiga ishontirib qolaman", deydi Mirziyoyeva.
Bolalar ombudsmanining ma’lum qilishicha, 2011 yilda tug‘ilgan Sh.Sh. Paxtachi tumani “Qalqon-jasorat harbiy sport maktabi”ning 6-sinfida o‘qiydi. Sh.Sh. ning vasiylari J.S. va E.M. lar mazkur maktab o‘qituvchisi X.Sh. ni chaqirib, xulqi og‘irligi tufayli bolani Samarqand viloyati “Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish Markazi”ga olib borishni so‘ragan. 2024 yil 16 mart kuni o‘qituvchining mashinasiga bolaning vasiysi J.S. go‘yoki avtomashinadan tushib qochib ketmasin degan vaj bilan mashinaning orqa o‘rindig‘ida g‘ayriqonuniy tarzda bolaning oyoqlarini temir zanjir bilan bog‘lab qo‘yganligi aniqlangan.
Eslatib o‘tamiz, mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 138-moddasi (Zo‘rlik ishlatib g‘ayriqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani hamda hozirda tergov harakatlari olib borilayotgani xabar qilingandi.
LiveBarchasi