Qonun “nozik” amaldorlar uchun ishlaydimi?
Tahlil
−
07 iyun
67982022 yilning oktyabr oyida deputatlar tomonidan ma’qullanib, Oliy Majlis Senatiga, 1 iyun kuni Senat tomonidan Prezidentga imzolash uchun yuborilgan, oradan naqd bir yil o‘tib, 2024 yilning 5 iyun kuni Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangan “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonun haqida eshitgandirsiz. Bu qonunning imzolanishi 1 yil kutilgan bo‘lsa, kuchga kirishini yana 6 oy kutish kerak. Chunki qonun 6 oydan so‘ng kuchga kiradi.
Bu qonun qabul qilinishining asosiy maqsadi mamlakatda korrupsiyani yo‘q qilish, qarindosh-urug‘chilik, nepotizmni yo‘qotish. Oddiy qilib aytganda, siz davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan tashkilotda rahbar lavozimida ishlasangiz, sizga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bo‘ysunadigan xodim sifatida yaqin qarindoshingiz, turmush o‘rtoq, aka-uka, farzandlaringiz yoki boshqalarni ishga ololmaysiz.
7 iyun kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligida Adliya vaziri o‘rinbosari Alisher Karimov va agentlik direktori Akmal Burhonov ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Rasmiylar qonuning mazmun-mohiyati haqida tushuntirib, “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonun qaysi organ xodimlariga nisbatan tatbiq etilishiga oydinlik kiritishdi.
“Birinchi navbatda, bu davlat organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, davlat muassasalari, davlat unitar korxonalari, davlat maqsadli jamg‘armalari, shuningdek, ustav fondida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan aksiyadorlik jamiyatlariga nisbatan tatbiq etiladi. Qonun 69 ta davlat organlariga, 220 ta mahalliy davlat hokimiyat organlariga, 26 400 ta davlat muassasalariga, 503 ta davlat unitar korxonalariga, 23 ta davlat maqsadli jamg‘armalariga, 153 ta davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan tashkilotlarga nisbatan tatbiq etiladi. Yuqorida aytilgan davlat xaridlariga nisbatan tatbiq etiladigan qismi esa qariyb 2 mingdan ortiq bo‘lgan korporativ buyurtmachilarga davlat xaridlari sohasida tatbiq etiladi”, deydi Alisher Karimov.
Adliya vaziri o‘rinbosarini yaxshilab tinglab, u yuqorida hamma sohada faoliyat olib boradigan amaldorlarni sanamaganini payqadik va undan bu qonunning kuchi senatorlar-u deputatlar, Vazirlar Mahkamasi yoki sud tizimi kabi “gigant” tashkilotlarga ham yetadimi, deb so‘radik.
“Shuning uchun ham biz buning ro‘yxatini shakllantiramiz. Ko‘pchilikka tatbiq etilmayotgan “Davlat fuqarolik xizmati” to‘g‘risidagi qonundan farqli o‘laroq, bu qonun davlat organlari tashkilotlariga, 28 mingta idoraga, barchaga tatbiq etiladi. Ro‘yxatga maksimal darajada barchani kiritamiz. Meni xursand qilgan tomoni shundaki, bu qonunning kuchga kirishi uchun 6 oy vaqt berilgan. Bu hamma savolga javob bo‘ladi. Ko‘pchilikda savol bo‘ldi: nima uchun 6 oy vaqt berildi, yana ataylab cho‘zilyaptimi? Maqsad bu emas. Maqsad – mana shu qonun kuchga kirganidan ishlashi kerak. Ertaga hech qanaqa savol qolmasligi kerak, ayniqsa davlat xizmatchisiga. Chunki bu kuchga kirguncha juda ko‘p holatlar bor, bugungi kunda shu bo‘ysunuvda ishlayotgan holatlar, biz endi ularni rotatsiya qilishga, ya’ni qonun kuchga kirguncha boshqa joyda ishlashiga majburlaymiz. Shuning uchun ishonch bo‘ladimi ya’ni amalda ishlaydimi, degan savolingizga 6 oy vaqt berilganini, ikkinchidan, samarali ishlashi uchun alohida qarorlar qabul qilingan.
Prezidentimiz nima uchun bu qonunni imzolashi kechikdi? Aynan mana shu qarorlar ishlab chiqish, to‘liq ishlashi uchun komissiya a’zolariga kimlarni qo‘shishimiz, nima ishlarni amalga oshirishimiz punktma-punkt yozib chiqildi", deydi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burhonov. Bu qonunning amaldorlarga “tishi o‘tishi” haqida gap ketganda bir holatni misol tariqasida keltirish juda ham o‘rinli. Yodingizda bo‘lsa, DXXning sobiq binosi madaniy meros ob’ektlari ro‘yxatidan chiqarilib, sobiq tashqi ishlar vaziri, hozirgi Prezidentning tashqi siyosat masalalari bo‘yicha maxsus vakili Abdulaziz Komilovning o‘g‘li, Rossiya fuqaroligini olgan Doniyor Komilovga tegishli kompaniyaga sotilgan edi. Tarixiy binoning sotilishi va uning aynan O‘zbekistondagi amaldorning o‘g‘liga sotilgani katta muhokamalarga sabab bo‘ldi. Shundan kelib chiqadigan bo‘lsak, bir savol paydo bo‘ladi. Xo‘sh, “Manfaatlar to‘qnashuvi” to‘g‘risidagi qonun amaldorlarning chet el fuqaroligini olgan yaqin qarindoshlari, farzandlari uchun ham amal qiladimi?
Endi qonunni buzib qarindosh-urug‘chilikka yo‘l qo‘yganlar va ishlayotgan tashkilotida manfaatlar to‘qnashuvi holatini ko‘rib ham tegishli organlarga xabar bermagan mas’ul shaxslarning javobgarlikka tortilishi masalasiga to‘xtalsak.
"Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida"gi qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga alohida modda ya’ni 193-4 moddasi bilan kiritilyapti. Manfaatlar to‘qnashuvi holatlari yuz berganda, ma’muriy javobgarlik chorasi qo‘llaniladi. Birinchi navbatda, bevosita shaxsning o‘zi tomonidan shunaqa holatlar to‘g‘risida xabar bermaslik holatida bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravarigacha (1 700 000 so‘mgacha) ma’muriy jarima belgilanyapti. Holat takroran sodir etiladigan bo‘lsa, bu 2 baravar oshirilishi, og‘irroq jarima jazosi belgilanyapti”, deydi Alisher Karimov.
Uning aytishicha, agar shunaqa holatlar to‘g‘risida xabar berilgan yoki tegishli tashkilotning korrupsiyaga qarshi kurashish kompaniyasi xizmati kadrlar bo‘linmalari tomonidan holatlar aniqlangan holatda mansabdor shaxs tomonidan tegishli ta’sir choralari ko‘rilmasa, unga nisbatan ham ma’muriy javobgarlik belgilanyapti, ya’ni bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan 10 baravarigacha bazaviy hisoblash miqdori jarima belgilanyapti.
Shuningdek, manfaatlar to‘g‘risidagi axborotni oshkor etish chog‘ida ma’lumotlarni yashirishga yoki noto‘g‘ri axborotni berishga to‘g‘ridan-to‘g‘ri cheklov berilyapti. Yana bir holatda bir-biriga bo‘ysunuvchi tashkilotlarda yoki nazoratidagi tashkilotlarda o‘rindoshlik asosida ishlashi ham manfaatlar to‘qnashuviga sabab bo‘lishini inobatga olib, bu bo‘yicha ham taqiq belgilanmoqda.
LiveBarchasi