“Hokimlik dastidan dod” Toshkentda investorlarga kun bormi?
Tahlil
−
19 may 2023
12508Joriy yilning 30 aprel kuni O‘zbekistonda referendum bo‘lib o‘tdi. Unda Yangi tahrirdagi Konstitutsiyani qo‘llab-quvvatlab ovoz berildi. “Inson manfaati uchun xizmat qiladi” deb qabul qilingan Konstitutsiyaga ko‘plab o‘zgartirishlar kiritildi. Ayniqsa, uzoq yillardan buyon muammo bo‘lib kelayotgan mol-mulk daxlsizligi masalasi.
Masalan, yangilangan Konstitutsiyaning 531-moddasida
“Hech bir shaxs o‘z mol-mulkidan sudning qarorisiz mahrum etilishi mumkin emas. Mulkni jamoat ehtiyojlari uchun majburiy ravishda boshqa shaxsga o‘tkazish qonunda nazarda tutilgan alohida hollarda hamda tartibda uning o‘rnini oldindan va teng qiymatda qoplash sharti bilan amalga oshirilishi mumkin”, deb yoziladi.
Gap shundaki, QALAMPIR.UZ’ga 15 yildan buyon O‘zbekistonda faoliyat olib boradigan turkiyalik investorlar murojaat qildi. Ularning aytishicha, Toshkent shahrining bir nechta hududlariga katta kuchlanishdagi elektr kabeli o‘tkazilayotgani sababli, investorga tegishli bo‘lgan Yashnobod tuman Yangi O‘zbekiston ko‘chasi 256-uyda qazish ishlari boshlangan. Eng achinarlisi, tadbirkorga bu haqida ogohlantirish berilmagan.
“3-4 kun oldin Yashnobod tumani hokimining o‘rinbosari Izzat Ziyoviddinov qo‘ng‘iroq qilib, bizning korxonaga tegishli hududdan kabel o‘tkazilishi kerakligi va hududni o‘rab turgan “zabor”ni buzishini aytdi. Biz hududni hokimlik bilan maslahat qilib o‘raganmiz. “Zamhokim” bu yerlar davlatniki ekanini aytdi va o‘tkazilayotgan kabel davlat siyosati darajasidagi ish ekanini tushuntirdi.
Biz ham 15 yildan buyon shu yerlarda yashab, non topyapmiz. Qish oylarida gaz, “svet” bilan bog‘liq muammolarni biz ham boshdan o‘tkazdik. Men korxonaga tegishli yerdan kabel o‘tkazishlariga qarshi emasman. Hokimlik bizni rasman ogohlantirib, yo‘qotayotgan hududim uchun kompensatsiya to‘lashlarini so‘rayapman. Hokim o‘rinbosari darvozani ochishim yoki o‘zlari eskalator bilan buzib kirishlarini aytdi. Men rozi bo‘lmadim va ular buzib kirdi”, deydi “O'rta Osiyo invest group” korxonasi direktori o‘rinbosari Bedir O‘zdemir.
Tadbirkor Rajab O‘zdemirning aytishicha, korxonaga tegishli bo‘lgan hududda 49 ta villa, 3 ta qo‘shimcha bino qurilishi reja qilingan. Kabel o‘tkazilishi uchun eniga 3, uzunasiga 315 metr maydon qaziladi. Kabel o‘tkazilgan hudud atrofida bino, inshoot qurish esa qurilish qoidalariga to‘g‘ri kelmaydi. Buning ortidan villa qurish uchun tayyorlangan loyiha yangidan chizilishi, binolar soni qisqarishi kerak. Bu esa ortiqcha xarajat talab etadi. Oxir-oqibat tadbirkor ham yerdan yutqizadi, ham ancha mablag‘i havoga uchadi.
QALAMPIR.UZ’dagi ma’lumotlarga ko‘ra, qazish ishlari o‘z-o‘zidan bo‘layotgani yo‘q. Balki O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Toshkent shahridagi iste’molchilarni energiya resurslari bilan barqaror ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan “Traktorsoz” podstansiyasidan “Yangi O‘zbekiston” podstansiyasigacha 110 kilovatt kuchlanishdagi kabel tarmog‘i o‘tkazilmoqda.
“O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qaroriga asosan 14 kilometr hudud qazilib, yuqori kuchlanishli elektr simlari tortiladi. Bu kabel Samarqand darvoza hududigacha borib, Toshkent shahri doiraga olinadi. Prezident imzolagan qaror bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda. Prezident “buzilsin” deb aytmagan. Balki aholini elektr toki bilan ta’minlash uchun kabel o‘tkazish ishlari ketmoqda.
Biz korxona rahbarlari bilan gaplashib, qazish uchun ruxsat so‘radik. Kadastr hujjatlarini ham ko‘rdik, bu yerda qazishimiz mumkin bo‘lgan 1,5 metr joy bor. Kabel ularning hududidan o‘tmaydi va aytilganidek, 1,5 metr qaziladi. Biz tadbirkor bilan korxonaning qorovulxonasida gaplashdik, qazish kerakligini aytdim “besh oldik” va kelishdik. To‘g‘ri biz bu ishlarni xat-hujjat bilan qilishimiz kerak edi. Biz og‘zaki kelishuv bilan hal bo‘ladi, deb o‘yladik.
Men aytdim, bugungi sana bilan xat tayyorlab berishadi. Qayta aytaman bu xalq manfaatini o‘ylab qilinayotgan ish”, deydi Yashnobod tuman hokimining “zami” Izzatilla Ziyoviddinov.
Hokim o‘rinbosari 1,5 metr joy davlatga tegishli ekanini aytdi. Ammo suratga olish jarayoni davomida yoki oradan bir kun o‘tib ham kadastr hujjatlarini taqdim eta olmadi. Qolaversa, oradan bir kun o‘tib, tadbirkorga yuborilgan xat mazmunidan “zamhokim” “yer davlatniki” degan gaplari haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini bilish qiyin emas.
Investor Bedir O‘zdemirning aytishicha, ish elektr kabeli o‘tkazish uchun qaziladigan 315 metr maydon bilan cheklanmaydi.
“Qurilish qoidalariga ko‘ra, bino-inshootlar elektr kabeli o‘tkazilgan yerdan 5 metr uzoqlikda qurilishi kerak. Demak, korxona nafaqat 315 metr maydon, balki undan ham ko‘proq yerni yo‘qotib, zarar ko‘radi va qurilish uchun foydalana olmaydi”, deydi investor.
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi arxitektura boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Jahongir Anvarovning QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qilishicha, Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 26 dekabrdagi “Elektr tarmog‘i xo‘jaligi ob’ektlarini muhofaza qilish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorning 1-ilovasiga muvofiq, 110 kilovolt kuchlanishli liniya o‘tgan yerdan 20 metr masofada bino-inshoot qurish belgilangan. Demak, investorga tegishli bo‘lgan 315 metr yer qazilib, kabel tashlanishi oqibatida tadbirkor o‘z yerining uzunligi 315, eniga 23 metr qismidan foydalana olmaydi. Bu qonunchilikda keltirilgan raqamlar. Xo‘sh, endi kimga ishonish kerak, qonunchilikkami yoki bugun kelib, ertaga ketadigan hokim o‘rinbosarlariga?
Bu holat aynan 16-18 may kunlari Samarqandda Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining 32-yillik yig‘ilishi o‘tkazilayotgan vaqtda bo‘layotgani bizni ancha hayratda qoldirdi. Bugun dunyo moliya sohasining yirik ekspertlari nigohi Samarqandga qaratilgan. Samarqandda kichkina tadbir o‘tkazilayotgani yo‘q. Bu tadbir mustaqillik davrida ikkinchi, yangi hukumat davrida birinchi bor o‘tkazilyapti. Bugun O‘zbekistonning investitsion muhiti, iqtisodiy imkoniyatlari muhokama qilinayotgan bir pallada, Poytaxti azimda bir investorning huquqlari poymol qilinyapti.
Voqea joyiga borib, holatni o‘rganganimizdan roppa-rosa bir kun o‘tib, tadbirkorlar bilan yana bog‘landik. Ularning ma’lum qilishicha, hokimlik vakillar qazish ishlarini davom ettirish uchun korxonaga borgan. Tadbirkorlar esa ishchilarni kiritmagan. Oxir-oqibat hokim o‘rinbosari Izzatilla Ziyoviddinov korxona hududidan foydalanish va zarar ko‘rgan yer uchun kompensatsiya to‘lash yuzasidan kafolat xati yuborgan.
Xatda qazish ishlari qaysi asosda o‘tkazilayotgani aytilib, quyidagilar qo‘shimcha qilingan:
“Ma’lum qilamizki, “Traktorsoz” podstansiyasidan “Yangi O‘zbekiston” podstansiyasigacha 110 kV kuchlanishdagi elektr uzatish tarmog‘ini qurish ob’ekti bo‘yicha montaj ishlari amalga oshirilmoqda.
Tortilishi lozim bo‘lgan elektr uzatish tarmoqlari tasdiqlangan loyiha chizmalariga asosan Siz rahbarlik qilayotgan jamiyatga ajratilgan yer maydoni bir qismidan o‘tishi nazarda tutilgan.Shu munosabat bilan Sizdan mazkur elektr uzatish tarmoqlarini o‘tkazish maqsadida Sizning jamiyatingizga tegishli bo‘lgan “profnastil”dan o‘rnatilgan devorni boshidan oxirigacha, ya’ni 330 metr uzunlikda va 3 metr kenglikka teng bo‘lgan yer maydonini bo‘shatib berishingizni so‘raymiz.
Mazkur elektr kabellari tortilishi jarayonida buzilishga tushadigan bino- inshootlaringiz hamda Siz tomoningizdan bo‘shatib berilgan yer maydoni qismlariga o‘rnatilgan tartibda kompensatsiya mablag‘lari ajratish, hamda devoringizni ko‘chirish ishlarini o‘z kuchimiz bilan amalga oshirishga kafolat beramiz”.
Bir kun avval qazilayotgan yer tadbirkorniki emasligini aytib, zo‘rlik bilan hududga ekskavator kiritgan “zamhokim”, bugun o‘z qo‘li bilan tadbirkorga tegishli yerda qazish ishlari olib borish va kompensatsiya to‘lab berish haqidagi xatni imzolagan.
Tadbirkorga yuborilgan xatni e’tibor bilan o‘qisangiz, unda qachon va qanday tartibda kompensatsiya mablag‘lari to‘lab berilishi aytilmagan. Qolaversa, qurilish bo‘yicha mutaxassis bo‘lgan hokim o‘rinbosari QALAMPIR.UZ kameralari qarshisida aytganidek, kabellar yotqizilgan hududning 1,5 metr atrofida emas, balki Vazirlar Mahkamasining “Elektr tarmog‘i xo‘jaligi ob’ektlarini muhofaza qilish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorida 20 metr o‘tib bino-inshoot qurilishi mumkinligini hisobga olsak, janob “zamhokim” bergan xatga 3 metr emas, 23 metr deb yozilishi kerak edi. Mana sizga qurilish bo‘yicha hokim o‘rinbosarining qurilish me’yorlaridan bexabarligi.
Hokimlik vakillarining kecha aytgani bugunga to‘g‘ri kelmasligi achinarli holat. Ishonch bilan qazdirayotgan yeri “tadbirkorniki emas” deyish, istagan yeridan istagancha foydalanish, buzish, qazish ishlarida yer egasini ogohlantirmaslik kabi xurmacha qiliqlar Yangi O‘zbekistonning ayrim yangi hokimu, ularning yangi korchalonlariga xos.
Yuqorida aytganimizdek, kuni kecha referendum bilan tasdiqlaganimiz – O‘zbekistonning yangi Konstitutsiyasida mulk huquqi daxlsizligi aniq qilib yozilgan. Boshboshdoqliklar, “o‘zim xon – ko‘lankam maydon” qabilida ish tutishlar davom etayotganiga qaraganda, Yashnobod hokimligidagi ayrim mas’ullar Konstitutsiyani ochib o‘qib ham ko‘rmagan.
Qolaversa, Vazirlar Mahkamasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning mulk huquqlari kafolatlarini ta’minlash hamda yer uchastkalarini olib qo‘yish va kompensatsiya berish tartibini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida ham “olib qo‘yilishi rejalashtirilayotgan yer uchastkasida joylashgan ko‘chmas mulk ob’ektlari mulkdorlari bilan ochiq muhokamani tashkil etish, yer uchastkasi olib qo‘yilishi tashabbuskori va ko‘chmas mulk ob’ektlari mulkdorlari o‘rtasida tuzilgan, kompensatsiya miqdori, turi va berish muddati nazarda tutilgan kelishuvlar hisobini yuritish, kompensatsiyalar o‘z vaqtida va to‘liq berilishining doimiy monitoringini olib borish, yer uchastkalari olib qo‘yilishi, kompensatsiya berilishi, ko‘chmas mulk ob’ektlari buzilishi, shuningdek, olib qo‘yilgan yer uchastkasida olib borilayotgan qurilish-montaj ishlari haqida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga ma’lumotlar kiritib borish” kerakligi aytilgan.
O‘zbekistonda fuqarolar yoki tadbirkorlarning huquqlarini himoya qiladigan qonun bor. Unga amal qiladigan “kattalar” Yashnobodda yetishmayapti.
LiveBarchasi