Mirziyoyev oziq-ovqat narxlariga nimalar ta’sir ko‘rsatayotganini aytdi
Jamiyat
−
23 mart 2023 11612 1 daqiqa
O‘zbekistonda eksport-importda logistika, o‘g‘it va yoqilg‘i xarajatlari oshib ketgani oziq-ovqat narxlariga o‘z ta’sirini ko‘rsatayapti. Tahlillarga ko‘ra, bu holat 2023 yilda ham, kelgusi yillarda ham saqlanib qoladi. Bu haqda bugun, 23 mart kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida oziq-ovqat mahsulotlarini ko‘paytirish, bahorgi ekin mavsumini samarali tashkil etish bo‘yicha asosiy vazifalar muhokamasi yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida aytib o‘tildi.
Yig‘ilishda oxirgi ikki yilda jahonda oziq-ovqat inflyatsiyasi yiliga 15-20 foizdan pasaymayotgani, o‘simlik yog‘i, sut va go‘shtning jahon narxi so‘nggi 30 yildagi, don mahsulotlari va shakar esa so‘nggi 10 yildagi eng yuqori darajaga ko‘tarilgani qayd etildi.
Mamlakatimizda oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirishga 200 ming gektar yer ajratilgani, 500 ming gektar qo‘shimcha yerlar oborotga kiritilgani ichki bozordagi narx-navoni barqaror ushlab turish va eksportni ko‘paytirishga xizmat qilmoqda.
“Lekin aholimiz soni o‘sib borayotgani, jahondagi nobarqaror vaziyat, logistikadagi uzilishlar oziq-ovqatni ko‘paytirish bo‘yicha oldimizga yanada katta vazifalarni qo‘ymoqda”, deydi Mirziyoyev.
Shu munosabat bilan viloyat, tuman hokimlari oziq-ovqatni ko‘paytirish, odamlarni band qilish bo‘yicha qo‘shimcha imkoniyatlarni izlashi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.
Live
Barchasi