Mirziyoyev Olimpiya shaharchasini yana borib ko‘rdi
Jamiyat
−
10 Sentabr
9388Prezident Shavkat Mirziyoyev 2025 yilda O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan yoshlar o‘rtasida Osiyo va Paraosiyo o‘yinlari uchun qurilayotgan Olimpiya shaharchasini borib ko‘rdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbari qurilish ishlari ketayotgan va qad ko‘targan 12 ming o‘rinli Olimpiya stadioni, har biri 2 mingdan tomoshabinga mo‘ljallangan velodrom, suv sporti saroyi, yakkakurashlar va jamoaviy o‘yinlar majmualarini ko‘zdan kechirdi. Shavkat Mirziyoyev qulaylik va xavfsizlik masalalariga alohida e’tibor qaratib, jarayonlarni yuqori darajada raqamlashtirish, sun’iy intellekt vositalaridan keng foydalanish lozimligini ta’kidlagan.
Prezident, shuningdek, majmua qurilishini amalga oshirayotgan Xitoyning “CAMC Engineering” kompaniyasi mutasaddisi bilan ham suhbatlashdi.
Ma’lumot uchun, 2025 yilda o‘tkazilishi rejalashtirilgan musobaqalar Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi tomonidan tan olingan 29 ta sport turi bo‘yicha o‘tkaziladi. Ularda qit’aning 45 ta davlatidan 3 mingdan ziyod sportchi ishtirok etishi kutilmoqda. O‘yinlardan so‘ng shaharchada Sport vazirligi, Antidoping agentligi, Davlat sport akademiyasi, Jismoniy tarbiya ilmiy-tadqiqotlar instituti, Sport turlarini rivojlantirish markazi shu yerda joylashadi. Professional sportchilarni tayyorlash va mahoratini oshirish bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkaziladi. Hududiy sport tashkilotlarining shaharcha infratuzilmasidan foydalanishi yo‘lga qo‘yiladi.
Eslatib o‘tamiz, 2023 yilning 18 noyabr kuni ham Prezident Mirziyoyev Olimpiya shaharchasi qurilishi bilan tanishgandi. O‘shanda asosiy binolarning poydevor ishlari to‘liq bajarilib, 5 ta majmuaning konstruksiyalari tiklanib bo‘lgandi.
LiveBarchasi