Mirziyoyev nimadan ko‘ngli to‘lmayotganini aytdi
Jamiyat
−
11 noyabr 2022
14552Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar o‘rtasidagi o‘zaro tovar aylanmasi umumiy tashqi savdoning atigi 4 foizini tashkil etadi. Bu esa qoniqarsiz holat. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tashkilotning Samarqandda o‘tayotgan sammitida so‘z ochdi.
“Biz sammitga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida Tashkilotimiz faoliyatini chuqur tahlil qildik”, deb gap boshladi Mirziyoyev.
U mamlakatlar o‘rtasidagi ko‘p tomonlama munosabatlarni rivojlantirish uchun birgalikda salmoqli ishlar qilinganini e’tirof etdi va hali katta salohiyat va ulkan imkoniyatlar to‘liq ishga solinmayotgani ham aytib o‘tdi.
“Avvalo, hamkorligimizning savdo-iqtisodiy poydevorini mustahkamlashimiz maqsadga muvofiq. Mamlakatlarimizning o‘zaro tovar aylanmasi umumiy tashqi savdo-mizning atigi 4 foizini tashkil etadi. Uning qolgani esa uchinchi davlatlar ulushiga to‘g‘ri kelmoqda. Albatta, bunday holat hech birimizni qoniqtirmaydi. Bundan tashqari, davlatlarimiz orasida ayrim import bojxona tariflari yuqori bo‘lib qolmoqda”, deydi O‘zbekiston rahbari.
Mirziyoyev bu strategik yo‘nalishda vaziyatni tubdan o‘zgartirish, savdo, investitsiya va xizmatlarning erkin harakatini ta’minlash uchun, Tashkilot doirasida “yangi iqtisodiy imkoniyatlar hududini”ni barpo etish tashabbusini ilgari surdi.
“Ana shu rejamizga erishish uchun, Tashkilotga a’zo va kuzatuvchi mamlakatlar hamda dunyo yetakchi biznes vakillarini keng jalb qilgan holda, har yili Xalqaro turkiy iqtisodiy forumni o‘tkazishni taklif etaman. Forum doirasida “davlat va biznes” formatida qo‘shma tadbirlar, tadbirkorlar uchrashuvlari va “davra suhbat”lari, innovatsion loyihalar taqdimotlari va ko‘rgazmalarni o‘tkazish katta amaliy natija beradi.
Ushbu tadbirlar yakunlari bo‘yicha qo‘shma dastur va loyihalarni birgalikda amalga oshirishga qara-tilgan yillik “Yo‘l xaritalari”ni qabul qilishimiz muhim bo‘ladi”, deydi O‘zbekiston yetakchisi.
Qayd etilishicha, bu ishlar, eng avvalo, o‘zaro savdoni keskin oshirish va uchinchi mamlakatlar bozorlariga birgalikda chiqish, qo‘shilgan qiymat uzluksiz zanjirlarini yaratish, yuqori texnologik klasterlar va venchur shirkatlarni tashkil etishga qaratiladi.
Shuningdek, Mirziyoyev, Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida Qo‘shma investitsiya fondini ishga tushirish taklifini ham to‘liq qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.