Mirziyoyev navoiylik o‘quvchilar bilan uchrashdi

Jamiyat

image

Bugun, 31 oktyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Navoiy shahri Farovon mahallasidagi 22-umumta’lim maktabida bo‘ldi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

1 ming 800 nafarga yaqin o‘quvchi ta’lim-tarbiya olayotgan bu muassasa o‘tgan yili qurilib, foydalanishga topshirilgan. Barcha sinfxonalar, laboratoriya, kompyuter va xorijiy til xonalari, sport zali, futbol maydoni, oshxonada zamonaviy sharoitlar yaratilgan. Kutubxona 3 mingdan ortiq kitoblar bilan ta’minlanib, Alisher Navoiy nomidagi milliy kutubxona tizimiga ham ulangan.

"Yoshlarga kamida ikkita chet tili va bitta zamonaviy hunar o‘rgatish jarayoni bu yerda ham izchil amalga oshirilmoqda. Buning uchun maktabda amaliy san’at, mehmonxona xizmati, rassomchilik, suratkashlik, IT yo‘nalishi, robototexnika kabi kasb-hunarlar bo‘yicha o‘ndan ortiq to‘garaklar tashkil etilgan", deyiladi xabarda.

Mudofaa vazirligi bilan hamkorlikda “Vatan tayanchi” harbiy vatanparvarlik guruhi tashkil etilgan. Unda Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi kabi buyuk sarkardalar jasorati haqida muloqotlar bo‘ladi. Vatanparvarlik tadbirlari, sport musobaqalari tez-tez o‘tkaziladi. 

"Ilmli bo‘lish, kasb-hunar egallash yaxshi. Qalbingizda vatanparvarlik kuchli bo‘lsa, shijoatingiz yanada baland bo‘ladi", dedi Prezident.

Maktabda “Iqtidor” klubi ham tashkil etilgan. Unda ijodkor o‘quvchilar musiqa, teatr va san’at yo‘nalishida turli mashg‘ulotlarda ishtirok etadi.

Prezident maktab faoliyati bilan tanishib, o‘qituvchi va o‘quvchilar bilan suhbatlashdi. 

"Mening eng katta tashvishim, maqsadim – yoshlar tarbiyasi. Biz olgan marralar uchun bilimli avlod kerak. Buning uchun hamma sharoitlarni yaratishga harakat qilayapmiz. Sizlar esa vaqtning qadriga yetib, bor imkoniyatni ishga solib, o‘qishingiz kerak. Olgan bilimingiz, o‘rgangan kasb-hunaringiz kelajakda sizlarga qanot bo‘ladi", dedi Prezident bolalarga.

Ta’lim dargohida “xavfsiz maktab” tizimi ishlaydi. Buning uchun muassasaga kirish-chiqishda “Face ID” dasturi qo‘yilgan. Shuningdek, 5,5 kVt quvvatli quyosh panellari o‘rnatilgan.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Mirziyoyev Navoiy viloyatiga tashrifi doirasida “Yangi Navoiy” shaharchasi qurilish maydonida bo‘lib, nuroniylar va ziyolilar bilan suhbatlashgandi. 


Maqola muallifi

Teglar

Navoiy Shavkat Mirziyoev maktab

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing