Mirziyoyev narx oshishiga xotirjam qaragan hokimlar masalasini ko‘rib chiqishni buyurdi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Bosh vazir Abdulla Aripovga ayrim tuman-shahar hokimlari va sektor rahbarlarining lavozimiga loyiqligini ko‘rib chiqishni topshirdi. Bu haqda bugun, 16 yanvar kuni Prezident raisligidagi 2024 yilda makroiqtisodiy barqarorlik va iqtisodiy rivojlanishni ta’minlash bo‘yicha ustuvor vazifalar yuzasidan o‘tkazilayotgan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.

Majlisda Farg‘ona, Jomboy, Ellikqal’a, Parkent tumanlari va Yangiyo‘l shahrida mol go‘shti, Konimex, Oltinko‘l, Bo‘ston tumanlari va Zarafshon shahrida tuxum narxi oshganiga ushbu hududlar rahbarlari xotirjam qarab o‘tirgani qayd etilgan.

O‘tgan yilda inflyatsiya 9 foizdan pasaygan bo‘lishiga qaramasdan, ko‘plab masalalar narx-navo oshib, odamlar norozi bo‘lganidan so‘ng, “qo‘l boshqaruvi” bilan hal bo‘layotgani ta’kidlangan. Masalan, narx qimmatlagani uchun 61 turdagi iste’mol mahsulotlariga nisbatan bojxona bojlari bekor qilingan.

Joylardagi iqtisod bo‘yicha hokim o‘rinbosarlari, viloyat va tumanlardagi iqtisodiyot bo‘limlari rahbarlari ushbu mahsulotlarni mamlakat ichida ko‘paytirish orqali inflyatsiyani jilovlashni o‘ylamayotgani tanqid qilingan.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Bosh vazir Abdulla Aripovga yil davomida auksionga umuman yer chiqarmagan Baliqchi, Jalaquduq, Bektemir, Mirobod, Olmazor, Chilonzor, Yunusobod, Yakkasaroy tumanlari hokimlarining lavozimiga loyiqligini hal qilish topshirilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev O'zbekiston Abdulla Aripov hokim

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing