Mirziyoyev Moskvadagi G‘alaba paradida ishtirok etdi (fotoreportaj)

Jamiyat

image

Avval xabar berganimizdek, bugun, 24 iyun kuni Rossiya Federatsiyasi poytaxti Moskva shahrida Ikkinchi jahon urushida erishilgan g‘alabaning 75 yilligi munosabati bilan g‘alaba paradi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham ishtirok etdi. 

G‘alabaning 75 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbir 9 may kuni o‘tkazilishi rejalashtirilgan edi. Ammo koronavirus pandemiyasi sababli uni tashkillashtirish keyingi muddatlarga surildi. Zafarli 1945 yilda G‘alabaning birinchi markaziy paradi 24 iyun sanasida o‘tkazilgani bois joriy yil ham bunday tantana uchun aynan shu kun tanlandi.

“Mazkur tarixan muhim voqeani birgalikda nishonlash maqsadida Rossiya hukumati muzaffar mamlakatlar rahbariyatlari nomiga taklifnomalar yubordi. O‘zbekiston ham, albatta, o‘sha g‘olib davlatlar sirasida. Xalqimizning o‘sha mash’um urushda muvaffaqiyat uchun qo‘shgan hissasi, hech mubolag‘asiz, ulkan”, deb yozmoqda Prezident Matbuot xizmati.

Tadqiqotlar natijasi shuni ko‘rsatmoqdaki, O‘zbekistondan 2 millionga yaqin kishi urushga safarbar etilgan. 

“Ta’kidlash joiz, pandemiya butun dunyoga o‘z ta’sirini ko‘rsatayotgan hozirgi og‘ir sharoitda davlatimiz rahbarining bunday tadbirda ishtirok etishining o‘zi ajdodlarga xos qahramonlik ifodasidir. Ekspertlar fikriga qaraganda, mustaqil O‘zbekiston Prezidentining ilk bor qatnashishi paradning nufuzini sezilarli darajada oshiradi.

Harbiylarimiz ham mazkur tadbirda yurtimiz istiqlolga erishganidan keyin birinchi bor ishtirok etishlari. Zero, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev kecha Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan Kremlda bo‘lib o‘tgan uchrashuvida ta’kidlanidek, bu bizning umumiy tariximiz, umumiy g‘alabamizdir. Xalqlarimiz namoyish etgan jasorat barchamiz uchun cheksiz g‘urur manbai bo‘lib xizmat qiladi.

Mamlakatimiz rahbari Moskvaning Qizil maydonida bo‘lib o‘tgan tantanali tadbirda o‘z ishtiroki bilan O‘zbekiston elining shonli G‘alabaga erishishdagi umum e’tirof etilgan buyuk xizmatiga hurmat bajo keltirdi.

Shu bilan bir qatorda, mard va jasur xalqimizning shafqatsiz urush sabab chekkan mislsiz aziyati, azob-uqubatlari yana bir bor xalqaro maydonda yodga olindi”, deyiladi xabarda. 

Tantanada 13 ta davlatdan 225 ta harbiy texnika, 14 ming askar va ofitser qatnashdi. Rossiya poytaxti osmonidan 55 samolyot va 20 ta vertolyotning uchib o‘tdi. 

Ma’lumot o‘rnida, ushbu yig‘inda Markaziy Osiyo mamlakatlaridan Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon ham ishtirok etdi. 


Maqola muallifi

Teglar

G'alaba paradi

Baholaganlar

326

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing