Mirziyoyev MDH kuzatuvchilar missiyasi rahbarini qabul qildi

Jamiyat 1630
image

Bugun, 25 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi kuzatuvchilarining mamlakatdagi missiyasiga boshchilik qilayotgan MDH Ijroiya qo‘mitasi raisi – Ijrochi kotibi Sergey Lebedevni qabul qildi.

Uchrashuv avvalida MDH Ijroqo‘mi raisi davlat rahbarini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishonchli g‘alabaga erishgani bilan samimiy qutlab, mamlakat farovonligi va ravnaqini ta’minlash yo‘lidagi faoliyatiga katta muvaffaqiyatlar tiladi.

O‘zbekistonda saylov qonunchiligi va saylov tartibotlarini rivojlantirishda sezilarli yutuqlarga erishilgani alohida ta’kidlandi.

MDH doirasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.

Davlat rahbari O‘zbekiston Hamdo‘stlik makonida, eng avvalo iqtisodiy yo‘nalishda amaliy hamkorlikni mustahkamlashning qat’iy tarafdori ekanini ta’kidladi.

Xususan, tashkilotning shu oyda videoanjuman shaklida o‘tkazilgan yubiley sammiti yakunida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 24 oktyabr kuni o‘tkazilgan O‘zbekiston Prezidenti saylovining dastlabki natijalariga ko‘ra, O‘zLiDep nomzodi Shavkat Mirziyoyev 80,1 foiz ovoz bilan g‘alaba qozondi. 

Qayd etish kerakki, O‘zbekiston bilan strategik aloqalarga ega bo‘lgan bir qancha davlatlarning rahbarlari, allaqachon, Mirziyoyevni mamlakat prezidentligiga qayta saylangani bilan tabriklab bo‘lgan. Jumladan,  Rossiya Prezidenti Vladimir Putin, Belarus rahbari Aleksandr Lukashenko, Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon va Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an, Ozarbayjon Prezidenti Ilhoim Aliyev, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov Mirziyoyevni ishonchli g‘alaba bilan tabriklab ulgurdi.

Farruxjon Murodqulov
Maqolaga baho bering
Baholaganlar: 14
Reyting: 2.9
t
×