Mirziyoyev Markaziy Osiyoni qurg‘oqchilikdan qutqarish bo‘yicha taklif berdi
Jamiyat
−
15 Sentabr 2023
8098Har bir Markaziy Osiyo davlati mintaqaviy ekologik loyihalarga tashqi yordamni jalb etish majburiyatini yuklashi, shuningdek, aniq maqsadlarni belgilashi kerak. Bu haqda bugun, 15 sentyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi ta’sischi davlatlari rahbarlari kengashi yig‘ilishida aytib o‘tdi.
“Investitsiya hamda texnik yordamni jalb qilish va taqsimlash mexanizmini ishlab chiqish zarur”, degan u.
Bundan tashqari, Mirziyoyev quyidagilarni taklif qilgan:
- hamkorlarni jalb etgan holda qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish maqsadida navbatdan tashqari hududiy konferensiya chaqirish;
- jamg‘armaning ishchi organlariga xalqaro maslahatchilar ishtirokida Amudaryo va Sirdaryo havzalarini rivojlantirishning istiqbolli rejasini ishlab chiqishni topshirish;
- yoshlarda suv va boshqa tabiiy resurslarga hurmat madaniyatini shakllantirish masalalari bo‘yicha hududiy miqyosda ishlarni tashkil etishga e’tibor qaratish.
Mirziyoyev bunday strategik hujjatlarning qabul qilinishi mintaqada suv-energetika resurslarini integratsiyalashgan holda boshqarish siyosatini muvofiqlashtirishga xizmat qilishiga ishonch bildirgan.
Ma’lumot uchun, bugun, 15 sentyabr kuni Tojikiston tomoni raisligida o‘tgan Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi ta’sischi davlatlari rahbarlari kengashining navbatdagi yig‘ilishida Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov, shuningdek, Qirg‘iz Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Raisining birinchi o‘rinbosari Adilbek Qasimaliyev va BMT Bosh kotibining maxsus vakili – Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markaz rahbari Kaxa Imnadze ham qatnashgan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mazkur tadbirda suv resurslaridan birgalikda foydalanish bo‘yicha mintaqaviy muzokaralarga Afg‘onistonni ham jalb etishni taklif qilgandi. Shuningdek, u “Qo‘shtepa” kanali qurilishining barcha jihatlarini xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda o‘rganish bo‘yicha Qo‘shma ishchi guruh tuzish zarurligini ta’kidlagan. Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi (OQXJ) tarkibida Markaziy Osiyodagi energetika masalalarini tartibga solish uchun komissiya tuzishni taklif qildi. Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev esa Markaziy Osiyo davlatlari uchun xalqaro suv-energetika konsorsiumini yaratish tashabbusi bilan chiqdi.
LiveBarchasi