Mirziyoyev marhum harbiy xizmatchilarining oilalari bilan uchrashdi

Jamiyat

image

Bugun, 8 may kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev G‘alaba bog‘idagi “Millat fidoyilari” xiyobonida marhum harbiy xizmatchilarning oila a’zolari va Ikkinchi jahon urushi va mehnat fronti qatnashchilari bilan uchrashdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, davlat rahbarining g‘oyasi asosida tashkil etilgan ushbu yodgorlik mustaqillik yillarida mamlakat himoyasi yo‘lida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va huquq-tartibot idoralari xodimlarining xotirasiga bag‘ishlangan.

“Har yili bu yerga kelib, Ikkinchi jahon urushidagi yo‘qotishlarni eslaymiz. Endi mustaqillik fidoyilariga bag‘ishlangan ushbu majmuani tashkil qilganimiz xayrli ish bo‘ldi. Chunki ular ham milliy qahramonlarimiz. Shu jihatdan, bu maydonning ma’naviy ahamiyati katta. Bu ham o‘zlikni anglash, bu ham inson qadri”, degan Mirziyoyev.

Shuningdek, davlat rahbari vatan himoyachilarining oila a’zolariga chuqur hurmatini bildirgan.

“Bu jasur o‘g‘lonlar tahlikali vaziyatda o‘zini o‘ylamay, burchiga sodiq qolib, xalqi uchun jonini fido qilgan. Hozirgi tinchlikda, osmonimiz musaffoligida ularning katta hissasi bor. Oilalari, barcha yaqinlari bilishi kerakki, ular oramizda xuddi tirikdek, nomlari hech qachon o‘chmaydi. Buni mana shu maydonda muhrlab qo‘ydik. Men ularning ota-onalariga, turmush o‘rtoqlariga ta’zim qilaman. Farzandlari qahramon otalariga munosib bo‘lishini istayman”, deya ta’kidlagan Prezident.

Millat fidoyilari tug‘ilgan tumanlarda xotira tadbirlari o‘tkazish, ularning mardligini yoshlarga ibrat qilib ko‘rsatish, qahramonliklari haqida asarlar yozish zarurligi ta’kidlangan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Ikkinchi jahon urushi va mehnat fronti qatnashchilarini ham ziyorat qilib, bayram bilan tabriklagan.

“Avvalo, sizlarni, siz orqali barcha faxriylarimizni G‘alabaning 80 yilligi bilan tabriklayman. Xalqimiz nomidan barchangizga chuqur minnatdorlik bildiraman. Sizlarning qahramonligingiz tufayli bugungi avlodlar shunday tinchlik-forovonlikda yashayapti. Bu tinchlikning qadrini yoshlarimizga sizlar orqali yetkazishimiz kerak. Hayotingizning o‘zi bizga namuna. Har bir gapingiz juda katta ta’lim, bilim. Ilohim, sog‘lig‘ingiz mustahkam bo‘lib, ko‘p yillar faxrimiz, duogo‘yimiz bo‘lib yuring”, deya tilak bildirgan Shavkat Mirziyoyev.

Xabarga ko‘ra, O‘zbekiston Prezidentining joriy yilning 19 fevral kunidagi qaroriga muvofiq, urush va mehnat faxriylariga munosib hurmat ko‘rsatilmoqda. Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlariga 10 ming AQSH dollari miqdorida, ushbu toifaga tenglashtirilgan shaxslarga 25 million so‘m, mehnat fronti qatnashchilariga 3 million so‘mdan bir martalik pul mukofotlari berilmoqda. Ko‘plab muhtaram nuroniylarga “Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 80 yilligi” yubiley medallari topshirilmoqda.

Urush faxriylari va nogironlari uchun tibbiy va ijtimoiy xizmatlar, jumladan, patronaj xizmati ko‘rsatilmoqda. Ular o‘z xohishlariga ko‘ra sanatoriylarda davolanmoqda.

Tegishli vazirlik, idora va tashkilotlar, harbiy qismlar rahbarlari ishtirokida urush va mehnat faxriylari, mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining oila a’zolarining holidan xabar olinib, yumushlariga yordamlashilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Millat fidoyilari

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing