Mirziyoyev mamlakatlar oldida turgan “jiddiy sinov” haqida gapirdi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 2 mart kuni Ozarbayjonning Baku shahrida Prezident Ilhom Aliyev raisligida o‘tgan Qo‘shilmaslik harakatining navbatdagi sammitida dunyo mamlakatlari oldida turgan “jiddiy sinov” haqida so‘z ochdi. 

Davlat rahbari muhim mavzu – davom etayotgan iqtisodiy inqiroz asoratlarini yumshatish masalasiga e’tibor qaratdi.

“Oziq-ovqat mahsulotlari, suv va energetika resurslarining tobora taqchil bo‘lib borayotgani mamlakatlarimiz ijtimoiy-iqtisodiy tizimlari uchun jiddiy sinov bo‘lmoqda. Ming afsuski, bunday qiyin vaziyatda eng katta og‘irlik va salbiy ta’sir, avvalo, aynan rivojlanayotgan davlatlar zimmasiga tushmoqda”, deydi Shavkat Mirziyoyev.

O‘zbekiston rahbari o‘zaro amaliy hamkorlikni rivojlantirish, qo‘shma dasturlar va yirik loyihalarni ilgari surish uchun keng iqtisodiy imkoniyatlar eshigini ochib berish maqsadida Qo‘shilmaslik harakati sammitlari arafasida Iqtisodiy forumlarni muntazam o‘tkazib borishni taklif etgan. 

Bunday muhim tadbirlar innovatsiyalar, zamonaviy bilim va ilg‘or texnologiyalar almashuvini jadallashtirishga, umuman olganda, to‘rtinchi sanoat inqilobi, xususan, “aqlli” iqtisodiyotni rivojlantirish uchun mustahkam poydevor yaratishga xizmat qilishi aytilgan. 

O‘zbekiston Prezidenti pandemiyaning salbiy ta’sirini, birinchi galda, o‘sib kelayotgan yoshlar his qilayotganini ko‘rsatib o‘tgan. Ularning sifatli ta’lim va professional bilim olish, tibbiy xizmatlardan foydalanish va sport bilan shug‘ullanish imkoniyatlari keskin kamaymoqda.

“Eng yomoni, yosh avlodning kelgusida hayotda o‘z munosib o‘rnini topishiga bo‘lgan ishonchi va qat’iyati susaymoqda. Shuningdek, minglab yoshlarning ongu tafakkuriga buzg‘unchi va radikal mafkuralar ta’siri ham tobora kuchaymoqda”, deydi O‘zbekiston rahbari.

Bu boradagi siyosat va rejalarni uyg‘unlashtirish, to‘plangan tajriba bilan o‘rtoqlashish maqsadida O‘zbekiston Qo‘shilmaslik harakati Yoshlar tarmog‘ining “Cheksiz imkoniyatlar sammiti”ni kelgusi yil jahon sivilizatsiyasi markazlaridan biri bo‘lgan ko‘hna Samarqandda tashkil etish niyatida ekanligi ta’kidlandi.

So‘zining yakunida Mirziyoyev Ozarbayjon tomonini Qo‘shilmaslik harakatiga samarali raislik qilayotgani va sammit muvaffaqiyatli o‘tgani bilan yana bir bor samimiy tabriklagan. 


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Qo'shilmaslik harakati

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing