Mirziyoyev Lukashenkoni 68 yoshi bilan tabrikladi
Olam
−
30 avgust 2022
5790O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 30 avgust kuni Belarus fuqarosi Aleksandr Lukashenko bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot xizmati xabar berdi.
Suhbat avvalida Lukashenko O‘zbekiston rahbari va ko‘p millatli xalqini yaqinlashib kelayotgan Mustaqillik bayrami bilan muborakbod etgan, O‘zbekistonga tinchlik-osoyishtalik, barqaror taraqqiyot va ravnaq tilagan.
O‘zbekiston Prezidenti, o‘z navbatida, Aleksandr Lukashenkoni tavallud kuni bilan samimiy qutlab, unga mustahkam sog‘lik, baxt-saodat va katta muvaffaqiyatlar tilagan.
O‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish va amaliy sheriklik loyihalarini ilgari surish masalalari muhokama qilingan.
Tomonlar oliy darajadagi kelishuvlarning amalga oshirilishi tufayli O‘zbekiston-Belarus munosabatlarida yuksak darajaga erishilganini ta’kidlagan.
Qayd etilishicha, o‘tgan yilda tovar ayirboshlash 44 foizga, joriy yilning yetti oyida esa yana 12 foizga oshgan. O‘tgan hafta Minsk shahrida qo‘shma Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi muvaffaqiyatli o‘tkazilgan.
Telefon orqali muloqotda iqtisodiyotning turli tarmoqlariga doir ishlab chiqilayotgan yirik kooperatsiya loyihalarini jadallashtirish muhimligi qayd etilgan. Tomonlar faol madaniy-gumanitar almashinuv dasturlarini davom ettirish lozimligini ta’kidlagan.
Mintaqaviy kun tartibi, shu jumladan joriy yil sentyabr oyida Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammitini o‘tkazish yuzasidan fikr almashilgan.
Ma’lumot uchun, bugun, 30 avgust kuni Aleksandr Lukashenko 68 yoshni qarshiladi. U 1994 yildan buyon mamlakat boshida qolmoqda va jahon hamjamiyatida diktator rahbar sifatida qabul qilinadi.
LiveBarchasi