Mirziyoyev Lukashenko bilan muzokara o‘tkazdi
Jamiyat
−
08 fevral
4314O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 8 fevral kuni Belarus rezidenti Aleksandr Lukashenko bilan tor doirada hamda ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida muzokara o‘tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Lukashenkoga yaqin bo‘lgan “Pul Pervogo” kanalining yozishicha, tor doiradagi muzokaralar 1 soat-u 47 daqiqa davom etgan.
Shavkat Mirziyoyev uchrashuvni ochar ekan, keyingi yillarda O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlar sifat jihatidan yangi, yanada yuqori bosqichga ko‘tarilganini alohida ta’kidlagan.
Aleksandr Lukashenkoning ushbu tashrifiga tayyorgarlik doirasida qator tadbirlar, shu jumladan Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi, hududlar, rektorlar, tibbiyot xodimlari forumlari muvaffaqiyatli o‘tkazilgan.
Hukumat rahbarlari, parlamentlar, vazirlik va hududlar darajasidagi faol aloqalarni davom ettirish muhimligi qayd etilgan.
Tomonlar xalqaro tuzilmalar, shu jumladan Birlashgan Millatlar Tashkiloti, MDH, SHHT doirasidagi siyosiy muloqot va o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishga ahdlashib oldi.
Savdo-iqtisodiy hamkorlikning ijobiy sur’ati mamnuniyat bilan qayd etildi. Bildirilishicha, o‘tgan yil yakunlariga ko‘ra tovar ayirboshlash hajmi 15 foizga oshgan. Hukumatlar oldiga ushbu ko‘rsatkichni yaqin yillarda 1 milliard dollardan ziyodga yetkazish vazifasi qo‘yilgan.
Shu maqsadda qo‘shma tashqi savdo kompaniyasini tashkil etish, eksport-import yetkazib berishni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari va mahsulotlarni sertifikatlashtirish elektron tizimini joriy qilish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Bundan tashqari, tomonlar yuk tashish uchun qulay sharoit yaratish, xalqaro avtomobilda tashuvchilarni tayyorlash, Janubiy Osiyoning katta bozorlariga eltuvchi multimodal koridorlardan samarali foydalanishga kelishib olgan.
Shuningdek, kooperatsiya aloqalarini rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratilgan. Ta’kidlanishicha, keyingi yillarda qo‘shma korxonalar soni 4 barobar ko‘paygan.
"Muzokaralarda kooperatsiyaning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berildi. Bular – qishloq xo‘jaligi, yengil, oziq-ovqat va elektrotexnika sanoati, farmatsevtika, shaharsozlik, kommunikatsiyalar va boshqalar. Barcha yo‘nalishlar bo‘yicha alohida ishchi guruhlarni shakllantirishga kelishib olindi. Mirziyoyev va Lukashenko hududlararo almashinuv faollashganini olqishladi", deyiladi bu haqdagi xabarda.
Kuni kecha o‘tgan O‘zbekiston va Belarus hududlari ikkinchi forumining samarali natijalari alohida qayd etildi: uning yakunlari bo‘yicha qiymati 1 milliard dollardan ziyod shartnoma va bitimlar imzolangan.
Bundan tashqari, yig‘ilishda rasmiy delegatsiyalar a’zolarining hisobotlari, muzokaralar kun tartibidagi masalalar yuzasidan aniq takliflari tinglangan.
Uchrashuvlar yakunida qabul qilingan qarorlar va imzolangan kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha qo‘shma “yo‘l xaritasi”ni tayyorlash va qabul qilish bo‘yicha kelishuvga erishilgan.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 7 fevral kuni Lukashenko O‘zbekistonga kelgan, uni Toshkent xalqaro aeroportida Bosh vazir Abdulla Aripov kutib olgandi. Shundan so‘ng Prezident Mirziyoyev Lukashenko bilan birga xokkey o‘yinini tomosha qilishga “Humo Arena” muz saroyiga bordi. U yerda oliy martabali mehmonlarga ularning ismlari tushirilgan xokkey kiyimi topshirildi. Bugun, 8 fevral kuni Lukashenko Bosh vaziri Abdulla Aripov hamrohligida “Yangi O‘zbekiston” bog‘iga borib, Mustaqillik monumenti poyiga gul qo‘ydi. Keyin “Ko‘ksaroy” qarorgohida Aleksandr Lukashenkoni rasmiy kutib olishga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.
LiveBarchasi
Medvedev Xitoyga bordi.
10:15