Mirziyoyev Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi faoliyatidan mutlaqo noroziligini aytdi
Jamiyat
−
05 mart
5802Prezident Shavkat Mirziyoyev Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi faoliyatidan mutlaqo noroziligini aytdi. Bu haqda u bugun, 5 mart kuni Senatda o‘tayotgan yig‘ilishda so‘z ochdi.
Korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha ishlar natijadorligi va kelgusidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilishda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xodimlari vazirliklarga, hududlarga borib, aniq bir sohani tahlil qilib, muammolarga yechim berish o‘rniga, qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlarini sanaydigan quruq statist bo‘lib qolgani qayd etildi.
Agentlik rahbariyati korrupsiya holati eng ko‘p bo‘lgan tuman sog‘liqni saqlash, bandlik bo‘limi yoki bank filialiga borib, holatni o‘rganmagani, yangi zamonaviy tizim bo‘yicha taklif bermagani ko‘rsatib o‘tildi. Ushbu sohalarning bevosita rahbarlarining o‘z tizimini “korrupsiyadan xoli” qilish ishlari sustligi tanqid qilindi.
Ma’lum qilinishicha, Prezident topshirig‘i bilan investitsiya dasturlari ustidan nazorat kuchaytirilganidan keyin o‘tgan yilning o‘zida 3 trillion so‘m iqtisod bo‘ldi. Yoki sog‘liqni saqlash tizimida “Situatsion markaz” ishga tushirilgani hisobiga 2024 yilda 1,2 trillion so‘mlik maqsadsiz xarajatlarning oldi olindi.
“Lekin nega bu ishlar Prezident topshiriq berganidan keyin boshlanishi kerak?”, deya savol qo‘ydi davlat rahbari.
Parlamentdagi byudjet qo‘mitalarida ham har yili byudjetdan eng ko‘p mablag‘ oladigan 3 ta vazirlikka borib, korrupsiyaviy omillarni aniqlashda va o‘zgarish qilishda tashabbuskorlik yetishmayotgani qayd etildi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Prezident jamiyatda korrupsiya muammosini jamoatchilik muhokamasiga olib chiqadigan ochiq tizim, ochiq muhit yaratilgani, ayniqsa, ommaviy axborot vositalarining bu boradagi o‘rni va ta’siri ortib borayotganini, ilgari bu mavzu jurnalistlar uchun mutlaqo yopiq bo‘lgani, hozir esa mavjud holat ochiqlik va shaffoflik tomonga butunlay o‘zgarganini aytgandi. Ochiqlik bo‘yicha xalqaro reytinglardagi mamlakatimizning o‘rni 138 pog‘onaga yaxshilanib, Markaziy Osiyoda birinchi, dunyoda 30-o‘ringa ko‘tarildi.