Mirziyoyev Xitoyga hamdardlik maktubini yo‘lladi

Jamiyat

image

Avvalroq, 5 sentyabr kuni Xitoyning janubi-g‘arbidagi Sichuan provinsiyasida 6,8 magnitudali zilzila qayd etilgani, unda 65 kishi qurbon bo‘lgani haqida xabar bergan edik. Xitoyda sodir bo‘lgan tabiiy ofat oqibatida ko‘plab insonlarning vafot etgani munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamdardlik bildirdi. Bu haqda Prezident Matbuot kotibi Sherzod Asadov Telegram-kanali orqali xabar berdi. 

“Xitoyning Sichuan muzofotida kuchli zilzila oqibatida ko‘plab odam nobud bo‘lgani va og‘ir jarohat olgani munosabati bilan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Szinpinga hamdardlik yo‘lladi.

Butun Xitoy xalqiga chuqur ta’ziya izhor etib, davlatimiz rahbari halok bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirdi, jabrlanganlar shifo topishini tiladi”, deyiladi xabarda. 

Ma’lumot uchun, Xitoy seysmologiya markazi 5 sentyabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 12:52da 1,1 milliondan ortiq aholi istiqomat qiladigan Gardze-Tibet avtonom viloyatida kuchli silkinishlarni qayd etdi. Zilzila epitsentri Ludin okrugida, 16 km chuqurlikda joylashgan.

6 sentyabr holatiga tabiiy ofat qurbonlari soni 65 nafarga yetdi. Gardze-Tibet avtonom viloyatida qutqaruvchilar 37 kishining jasadini topgan, yana 12 kishi bedarak yo‘qolgan deb hisoblanyapti. Yaan shahar okrugida 28 kishi tabiiy ofat qurboni bo‘lgan. Ushbu hududlarning 248 nafar aholisi jabrlangan, ularning chorak qismi og‘ir tan jarohati olgan.

Kecha kechasi e’lon qilingan ma’lumotga ko‘ra, viloyat hukumati 50 ming kishini vaqtincha evakuatsiya qilgan. Xitoy hukumati qutqaruv ishlarini olib borish va tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish uchun 50 million yuan (taxminan 7,25 million dollar) ajratgan.

Sichuan provinsiyasida yo‘llar, elektr uzatish liniyalari va kommunikatsiya infratuzilmasi shikastlangan. Qutqaruvchilar vayronalar ostidan odamlarni qidirishda davom etmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Si Tszin'pin

Baholaganlar

83

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing