Mirziyoyev Xavfsizlik kengashlari kotiblariga murojaat yo‘lladi
Jamiyat
−
20 Oktabr 2023
15004Prezident Shavkat Mirziyoyev Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlar Xavfsizlik kengashlari kotiblarining ikkinchi yig‘ilishi ishtirokchilariga murojaat yo‘lladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Murojaatda so‘nggi yilda Turkiy davlatlar tashkilotida O‘zbekiston raisligida muhim ahamiyatga molik va keng qamrovli ishlar amalga oshirilgani, o‘zaro hamkorlik yanada kengaygani qayd etilgan.
Jumladan, O‘zbekiston raisligida mamlakatlar iqtisodiyot, savdo, sog‘liqni saqlash, ta’lim, kosmos, energetika vazirliklari va idoralari hamda maxsus xizmatlari rahbarlarining qator muhim uchrashuvlari o‘tkazilgan.
Turkiy dunyoning ilm-fan, madaniyat va san’at sohalaridagi taraqqiyotiga hissa qo‘shgan atoqli shaxslarni taqdirlash uchun ta’sis etilgan Alisher Navoiy nomidagi mukofot birinchi marta topshirildi. O‘zbekiston Xalqaro turkiy madaniyat tashkilotiga to‘laqonli a’zo bo‘ldi, TURKSOY tashkil etilganining o‘ttiz yilligi tantanali ravishda nishonlandi.
“Bugungi anjuman Tashkilot kun tartibidagi o‘ta muhim voqealardan biridir, chunki vakolatli idoralarning xavfsizlikka qarshi zamonaviy tahdidlarni bartaraf qilish va mamlakatlarimizni barqaror taraqqiy ettirish yo‘llarini izlash bo‘yicha hamkorlikdagi ishlari alohida ahamiyat kasb etib bormoqda”, deydi Prezident murojaatida.
Bildirilishicha, bunday formatdagi uchrashuv xavfsizlikning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashish hamda bugungi notinch dunyodagi umumiy tahdid va xavf-xatarlarga qarshi birgalikda javoblar ishlab chiqish uchun samarali maydon bo‘lib xizmat qiladi.
“O‘tgan yili Anqara shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlar Xavfsizlik kengashlari kotiblarining birinchi yig‘ilishida erishilgan samarali natijalarni yuqori baholaymiz. Ishonchim komilki, turkiy tilli mamlakatlar Xavfsizlik kengashlari kotiblari darajasidagi ko‘p tomonlama hamkorlik mexanizmi Turkiy davlatlar tashkiloti makonida xavfsizlik sohasidagi muloqotni mutlaqo yangi darajaga olib chiqadi”, deyilgan murojaatda.
Ushbu yig‘ilish xalqaro miqyosda murakkab vaziyat hukm surayotgan bir sharoitda bo‘lib o‘tmoqda. Bugungi kunda jahon prognoz qilish qiyin bo‘lgan va hatto oldindan aytib bo‘lmaydigan oqibatlarni keltirib chiqaradigan fundamental o‘zgarishlarni boshidan kechirmoqda.
Xalqaro maydonda o‘zaro ishonch va bir-birini tushunish inqirozi keskin sezilmoqda. Global va mintaqaviy xavfsizlikka qarshi tahdidlar kuchaymoqda va yangi xavf-xatarlar vujudga kelmoqda.
Shu munosabat bilan sizlar rahbarlik qilayotgan tuzilma va idoralarga alohida mas’uliyat yuklatilmoqda.
“Sizlar ishtirok etayotgan yig‘ilish kun tartibi juda sermazmun, birgalikda qarorlar qabul qilishni hamda o‘zaro hamjihatlikda faoliyat yuritishni talab etadigan muhim masalalar sizlarning e’tiboringizga havola qilinmoqda.
Bugun sizlar terrorizm, ekstremizm va yoshlarning radikallashuvi, kiberjinoyatchilik, narkotik vositalarning tarqalishi, transchegaraviy jinoiy guruhlar faoliyatiga qarshi kurashishda kuchlarni birlashtirish hamda favqulodda vaziyatlarda tezkor harakat qilish bilan bog‘liq bo‘lgan keng ko‘lamdagi dolzarb vazifalar yuzasidan fikr almashasiz.Ushbu anjuman mamlakatlarimiz va mintaqadagi xavfsizlikka nisbatan tahdidlarni bartaraf etishda o‘zaro hamkorlikdagi sa’y-harakatlar samaradorligini oshirish imkonini beradigan sermahsul fikr almashuvlar hamda yangi taklif va tashabbuslarga boy bo‘lishini tilayman”, degan Mirziyoyev murojaat yakunida.
LiveBarchasi