Mirziyoyev Xalqaro etnosport festivali ishtirokchilariga tabrik yo‘lladi

Jamiyat

image

Shavkat Mirziyoyev Xorazm viloyati Xiva shahrida O‘zbekiston mezbonligida birinchi bor o‘tkazilayotgan Xalqaro etnosport festivali ishtirokchilariga tabrik yo‘lladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar  berdi.

Ma’lum qilinishicha, anjumanda UNESCO, TURKSOY, Butunjahon etnosport konfederatsiyasi hamda unga a’zo davlatlar vakillari, shuningdek, 63 ta mamlakatdan qariyb 930 nafar etnosport namoyandalari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etmoqda. 

Davlat rahbari mazkur xalqaro anjumanning uch ming yildan ziyod shonli o‘tmishga ega bo‘lgan Xorazm zaminida o‘tkazilayotgani bejiz emasligiga urg‘u berdi. 

“Bu qutlug‘ voha bizning boy tarix va madaniyatimiz, milliy qadriyatlarimizning qadimiy beshiklaridan biridir. Ushbu diyordan yetishib chiqqan Najmiddin Kubro, Jaloliddin Manguberdi, Pahlavon Mahmud singari mard va jasur ajdodlarimiz, mohir sarkardalarimiz bilan biz haqli ravishda faxrlanamiz”, deydi Shavkat Mirziyoyev.

Ma’lumki, xalqning tarixi, milliy qadriyati va an’analarini o‘zida mujassam etadigan etnosport turlari yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida, jismoniy va ma’naviy yetuk insonlar etib tarbiyalash, dunyo davlatlari bilan do‘stona aloqalarni mustahkamlashda beqiyos ahamiyatga ega.

Shu bois, Prezident mamlakatda milliy xalq o‘yinlarini targ‘ib etish va ommalashtirish, bu yo‘nalishda xalqaro hamkorlikni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilayotgani, keyingi yillarda bu borada qator qarorlar, jumladan, “Etnosport turlarini 2025 yilgacha ommalashtirish va rivojlantirish dasturi” qabul qilinganiga alohida to‘xtalib o‘tgan. 

Prezident ayniqsa, milliy sport turlari bo‘yicha uch bosqichli musobaqalar tizimi tashkil etilgani, Toshkent shahrida har yili bir marta etnosport turlari bo‘yicha respublika festivali, Xiva shahrida esa ikki yilda bir Xalqaro etnosport festivalini o‘tkazish yo‘lga qo‘yilgani bu boradagi muhim amaliy qadamlardan biri ekanini qayd etgan. 

“Yurtimizda har bir tuman va shaharning o‘ziga xos xususiyatidan kelib chiqib, milliy sport turlari va xalq o‘yinlarini ommalashtirish va rivojlantirish, sport musobaqalarini tashkil etish bo‘yicha hududiy dasturlar qabul qilindi. Ayrim etnosport turlari bo‘yicha boshqaruv tizimi hamda sportchi va trenerlar zaxirasi shakllantirilgani, musobaqalarni doimiy o‘tkazish va ularni moliyalashtirish joriy etilgani bu sohadagi ishlarni muntazamlik asosida olib borish imkonini bermoqda”, deydi Mirziyoyev. 

Prezident shuningdek, yosh avlod o‘rtasida milliy sport turlari va xalq o‘yinlarini ommalashtirishga katta ahamiyat berilayotgani, bu yo‘nalishda malakali mutaxassislar tayyorlash, ilmiy tadqiqotlar olib borish masalalari ham e’tibor markazidaligini ta’kidlagan. Bu boradagi ishlarni izchil davom ettirgan holda, O‘zbekistonda milliy sport turlari va xalq o‘yinlari ro‘yxati shakllantirilgani, o‘zbek kurashini UNESCO'ning etnosport milliy o‘yinlari nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritish choralari ko‘rilayotganiga alohida to‘xtalib o‘tgan.

“Hurmatli anjuman ishtirokchilari! Fursatdan foydalanib, ushbu festivaldagi ishtirokingiz uchun siz, azizlarga, xorijiy davlatlarning muhtaram elchilariga, xalqaro tashkilotlar vakillariga samimiy minnatdorlik bildiraman. Ishonchim komil, birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz bilan bu festival dunyodagi nufuzli sport anjumanlari qatoridan munosib o‘rin egallaydi. Festival doirasida o‘tkaziladigan sport musobaqalari, xalqaro turnir, jahon chempionatlari va konferensiya ishiga muvaffaqiyat tilayman”, deydi O‘zbekiston rahbari so‘zi yakunida.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev UNESCO etnosport festivali

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing