Mirziyoyev kelasi hafta Imron Xon bilan muhim masalalarni muhokama qiladi
Jamiyat
−
11 aprel 2021
10174O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Imron Xon joriy yilning 14 aprel kuni videoanjuman shaklida uchrashuv o‘tkazadilar.
Tadbir kun tartibidan ikki tomonlama amaliy sheriklik va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalari o‘rin olgan.
Asosiy e’tibor Transafg‘on temir yo‘lini qurish loyihasini birgalikda ilgari surish, o‘zaro savdo hajmini oshirish, ikki mamlakatning yetakchi korxona va kompaniyalari o‘rtasidagi kooperatsiyani kengaytirish, aviaqatnovlarni tiklash, hududlararo aloqalar va madaniy-gumanitar almashinuvlarni rivojlantirishga qaratiladi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston va Pokiston yetakchilari xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlik masalalari yuzasidan ham fikr almashib, bo‘lajak tadbirlar rejasini ko‘rib chiqadilar.
Sammit yakunida siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya va ta’lim sohalariga oid qator qo‘shma hujjatlar imzolanishi rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning fevral oyida Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Imron Xon O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga minnatdorlik maktubini yo‘llagandi.
Joriy yil yanvar oyida esa Pokiston O‘zbekiston va Afg‘oniston bilan Transafg‘on temiryo‘l loyihasi uchun xalqaro moliya institutlaridan 4,8 milliard dollar kredit jalb qilish to‘g‘risidagi qo‘shma bayonotni imzolagandi.
LiveBarchasi