Mirziyoyev qo‘qqisdan sharoiti og‘ir mahallaga borgani rahbarlarning ko‘zini ochishi kerakligini aytdi

Jamiyat

image

Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘tgan oyda Namangan viloyatiga tashrifi chog‘ida Norin tumanidagi Sho‘rariq mahallasiga borgani rahbarlarning ko‘zini ochishi kerakligini aytdi. Bu haqda u bugun, 14 oktyabr kuni mahalla tizimini yanada takomillashtirish va joylarda ishlarni samarali tashkil etish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishida so‘z ochdi.

Yig‘ilishda mahallada “yettilik” tizimi joriy qilinib, kredit, subsidiya, kompensatsiya, moddiy yordam ajratish kabi 100 dan ziyod xizmatlar mahalla darajasiga tushirilgani hisobiga 7,5 million fuqaro kambag‘allikdan chiqqani, ishsizlik darajasi 2 barobar qisqargani, 3,5 ming mahalla qiyofasi zamonaviy ko‘rinishga kelgani qayd etildi.

Shuningdek, mahalla raislarining vakolat muddati 3 yildan 5 yilga uzaytirildi. Ular boshchiligida “yettilik” vertikal tizimi yaratildi, yetarli sharoit, resurs va vakolatlar berildi. Mahalladagi har bir imkoniyatni loyihaga aylantirib, ish o‘rni yaratish uchun mahallalarga bankir va soliqchilar bog‘lab berildi, infratuzilmaga ham alohida mablag‘ ajratilmoqda.

Davlat rahbari bulardan samarali foydalanib, natija ko‘rsatayotgan mahallalar ko‘pligi, lekin ayrimlari yagona jamoa bo‘lib ishlab ketishni haligacha o‘rganmaganini ko‘rsatib o‘tdi.

“Norin tumanidagi Sho‘rariq mahallasiga borganim viloyat hokimlari, respublika, viloyat, tuman rahbarlari, “yettilik”ni ko‘zini ochib, ularni sifat va kompetensiyani oshirishga undashi kerak”, dedi Prezident.

Tuman hokimlari berilayotgan mablag‘dan oqilona foydalanib, “mahalla yettiligi” bilan yangi yondashuvlar asosida ishlashi zarurligi qayd etildi. Masalan, Norindagi Sho‘rariq mahallasi atrofidagi yana 6 ta mahallaga xizmat ko‘rsatadigan markazga aylanmoqda. Bundan ruhlanib, “Zamonaviy guzar, servis markazi, bog‘cha, maktab quraman, ishlab chiqarish qilaman!”, deb o‘nlab tadbirkorlar tashabbus bilan chiqdi. Atrofidagi 6 ta mahalla shtatidan to‘g‘ri foydalanib, tejalgan mablag‘ hisobidan arxitektor va urbanist jalb qilingani natijasida ushbu 7 ta mahalla qiyofasini butunlay o‘zgartirish uchun imkoniyat paydo bo‘lyapti.

“Chunki tadbirkorlar ishini boshlash va biznesini kengaytirish uchun, birinchi navbatda, yaxshi joy so‘rayapti. Har bir mahallada gavjum ko‘cha bormi – bor! Bo‘sh yer va binolar bormi – bor! Faqat mutaxassis bilan shu joyning loyihasini tayyorlab, infratuzilma qilib berish kerak!” deb vazifa qo‘ydi Prezident. 

Viloyat, tuman va shahar hokimlariga Islohotlar shtabi bilan birga birinchi bosqichda 33 ta tuman va 330 ta mahallada ishlarni ana shunday yondashuv asosida yo‘lga qo‘yish topshirildi.

Ma’lumot uchun, 16 sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatiga tashrifi chog‘ida Norin tumanidagi Sho‘rariq mahallasiga kirib borgan. Mazkur mahallaning sharoiti og‘ir. Ichki yo‘llar ta’mirtalab, ko‘cha chiroqlari va "lotoklar" yo‘q. Bu yerda 5 mingdan ziyod aholi yashaydi. 62 ta kambag‘al oila, 118 nafar ishsiz bor, 157 odam migratsiyada.  

Norin tumani hokimi Jo‘rabek Nurmatov Prezidentning Sho‘rariq mahallasiga tashrifi vaqtida mas’ullarga qarata bildirilgan tanqidlardan so‘ng ushbu mahallaga o‘rnatilgan konteyner uyga ko‘chib o‘tdi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev mahalla Sho'rariq

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing