Mirziyoyev Qozog‘istonning yangi Bosh vazirini qabul qildi
Jamiyat
−
11 fevral 2022
5225Bugun, 11 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev amaliy tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘lib turgan Qozog‘iston Respublikasi Bosh vaziri Alixan Smailovni qabul qildi.
Uchrashuvda O‘zbekiston bilan Qozog‘iston o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirish va kengaytirish masalalari muhokama qilingan.
Uchrashuv avvalida Bosh vazir Alixan Smailov O‘zbekiston rahbariga Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayevning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazgan.
Shuningdek, o‘tgan yil dekabr oyidagi sammitda O‘zbekiston va Qozog‘iston yetakchilari erishgan kelishuvlarning amalga oshirilishini ta’minlash borasida ikki mamlakat hukumatlari tomonidan qabul qilinayotgan choralar ko‘rib chiqilgan.
Tovar ayirboshlash hajmini orttirish va uning ko‘rsatkichlari muvozanatli bo‘lishiga erishish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, yangi sanoat kooperatsiyasi va logistika markazlari tashkil etishni jadallashtirish, suv, energetika va transport-kommunikatsiya sohalarida o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish, hududlararo muloqotlar va madaniy-gumanitar almashinuvni faollashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.