Mirziyoyev qishloq xo‘jaligi xodimlarini tabrikladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev qishloq xo‘jaligi sohasi xodimlarini Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni bilan tabrikladi.

"Xalqimiz sizdek mirishkor dehqon va fermerlar, mohir suvchi va irrigatorlar, o‘z ishining haqiqiy ustasi bo‘lgan mexanizator va agronomlar, tajribali chorvador va pillakorlar, jonkuyar olim va tadqiqotchilar, klaster xodimlari timsolida ana shunday fidoyi insonlarni ko‘radi va el-yurt dasturxonini to‘kin qilish yo‘lidagi sharafli va olijanob mehnatingizni yuksak qadrlaydi", deyiladi tabrik so‘zida.


Shundan so‘ng, Mirziyoyev agrar sohada erishilgan yutuqlarni sanab, bu yil tarixda ilk bor 8 million 200 ming tonna g‘alla, shuningdek, 3 million 800 ming tonna paxta, 15 million tonnadan ortiq sabzavot va poliz, 5 million tonna meva va uzum, 4 million tonna kartoshka, 26 ming tonna pilla yetishtirilganini e’tirof etgan.

"Joriy yilda dala mehnatkashlariga 10 ming 500 dan ortiq yuqori unumli texnika va agregatlar yetkazib berildi. Sohaga raqamlashtirish jarayonlari, tomchilatib sug‘orish texnologiyalari, innovatsiyalar jadal kirib bormoqda", deydi Prezident.

Ayniqsa, "O‘zbekiston–2030" strategiyasida barcha sohalar qatori qishloq xo‘jaligi bo‘yicha ham muhim vazifalar belgilangani, jumladan, resurslarni tejaydigan innovatsion texnologiyalar asosida mahsulot tannarxini 30-35 foizga tushirish, suvni tejaydigan texnologiyalar joriy qilingan maydonlarni 1 million 500 ming gektarga yetkazish, sifatli va serhosil navlarni, zotdor chorva naslini ko‘paytirishga, ekologik toza mahsulotlar yetishtirishga ustuvor ahamiyat berilgani qayd qilindi.

"Siz, azizlarni bugungi bayram bilan yana bir bor qutlab, jonajon yurtimizning iqtisodiy salohiyatini oshirish yo‘lidagi ezgu faoliyatingizda ulkan yutuqlar tilayman. Xonadonlaringizni xursandchilik, tinchlik-xotirjamlik va fayzu baraka hech qachon tark etmasin!" deya tabrik so‘zini yakunlagan Shavkat Mirziyoyev.


Maqola muallifi

Teglar

tabrik Mirziyoev dehqonlar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing