Shavkat Mirziyoyev shaxmatchilarni tarixiy g‘alaba bilan tabrikladi

Jamiyat

−

image

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston shaxmat terma jamoasi a’zolarini 46-Jahon shaxmat olimpiadasida erishgan tarixiy g‘alabasi bilan tabrikladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Davlat rahbari shaxmatchilarning ikki karra Olimpiada chempioni bo‘lganini ta’kidlab, ularning xalqaro musobaqadagi ishtirokini yuqori baholagan.

“Dunyo shaxmat osmonida yorqin yulduz bo‘lib porlagan siz, aziz farzandlarimni 46-Jahon shaxmat olimpiadasida erishgan tarixiy g‘alabangiz bilan chin qalbimdan tabriklayman. Ikki karra olimpiada chempioni degan yuksak sharafli unvon, buyuk zafar barchamizga, ko‘pmillatli xalqimizga muborak bo‘lsin!”, deya tabrikladi davlat rahbari.

Qayd etilishicha, 46-Jahon shaxmat olimpiadasida 200 dan ziyod mamlakatdan 2 mingga yaqin eng kuchli va mashhur grossmeysterlar hamda nomdor jamoalar ishtirok etgan.

“Mana shu g‘oyat hayajonli onlarda 200 dan ziyod mamlakatdan 2 mingga yaqin eng kuchli va mashhur grossmeysterlar, nomdor jamoalar ishtirok etgan murosasiz bellashuvlarda ko‘rsatgan aql-zakovatingiz, yuksak irodangiz, mahorat va jasoratingiz uchun butun el-yurtimiz, dunyo shaxmat jamoatchiligi sizlarga tasannolar aytmoqda”, degan Shavkat Mirziyoyev.

Mamlakat yetakchisi shaxmatchilarni “Yangi O‘zbekiston qahramonlari” deb atab, ularning jahon shaxmatida yangi tarix yaratganini qayd etgan.

“Sizlar – Yangi O‘zbekiston qahramonlari, jahon shaxmat olamida yangi tarix yaratgan oltin avlodsiz. Butun xalqimiz sizlar bilan cheksiz faxrlanadi, g‘ururlanadi”, deya bildirgan davlat rahbari.

Shuningdek, shaxmatchilar Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Beruniy, Ibn Sino, Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek va Alisher Navoiy kabi buyuk ajdodlarga munosib voris ekanini amalda namoyon etgani ta’kidlangan.

Prezident terma jamoaning musobaqadagi asosiy g‘alabalariga ham alohida to‘xtalgan.

“Sizlar amaldagi Olimpiada chempioni – Hindiston jamoasini mag‘lub etdingiz. Qadimiy shaxmat maktabi va ko‘plab grossmeysterlarga ega bo‘lgan Xitoy jamoasi ustidan tarixiy g‘alabani qo‘lga kiritdingiz. Dunyo reytingida birinchi o‘rinni egallab kelayotgan, olti karra Olimpiada chempioni bo‘lgan AQSH jamoasidan ham ustun keldingiz”, degan davlat rahbari.

Nodirbek Abdusattorovning natijasiga alohida e’tibor qaratilgan. U barcha o‘yinlar davomida mag‘lubiyatga uchramasdan, birinchi taxtada oltin medalni qo‘lga kiritgan.

“Nodirbek Abdusattorov barcha o‘yinlar davomida mag‘lubiyat nima ekanini bilmasdan, chinakam jamoa lideri ekanini isbotlab, birinchi taxtada oltin medal sohibi bo‘ldi”, deya uning natijasini alohida e’tirof etgan Prezident.

Nodirbek Yoqubboyevning ham jamoa g‘alabasiga qo‘shgan hissasi alohida qayd etilgan.

“Nodirbek Yoqubboyev esa Turkiya, Hindiston, Xitoy va AQSH vakillariga qarshi murosasiz bahslarda chinakam iroda va matonat ko‘rsatib, jamoamiz uchun hal qiluvchi g‘alabalarni ta’minlaganini alohida ta’kidlab aytmoqchiman”, degan Shavkat Mirziyoyev.

Prezident Yoqubboyevning hindistonlik Nihal Sarin bilan bahsini ham alohida tilga olgan.

“Ayniqsa, Yoqubboyevning hindistonlik Nihal Saringa qarshi bellashuvi haqiqiy dramatik jang bo‘ldi. Yangi O‘zbekiston vakilining eng qiyin vaziyatda nihoyatda topqirlik bilan qo‘llagan taktik yurishlarini ko‘rib, dunyo shaxmat muxlislari hayratdan qotib qoldi”, deya baholagan davlat rahbari.

Javohir Sindorovning ham terma jamoa g‘alabasidagi hissasi e’tirof etilgan.

“Yana bir mard o‘g‘lonimiz, Javohir Sindorov chempionlarga xos o‘yin ko‘rsatib, umumiy g‘alabaga katta hissa qo‘shdi”, degan mamlakat yetakchisi.

Musobaqada ilk bor ishtirok etgan Muhiddin Madaminovning natijasi ham yuqori baholangan.

“Bunday yirik xalqaro musobaqada birinchi marta ishtirok etgan Muhiddin Madaminov o‘g‘limizning kuchli raqiblariga kutilmagan zarbalar bergani va birorta ham mag‘lubiyatga uchramagani yuksak bahoga munosibdir”, degan davlat rahbari.

Shamsiddin Vohidovning Hindiston, Turkiya va Vengriya vakillariga qarshi bahslarda muhim ochkolarni qo‘lga kiritgani ham eslab o‘tilgan.

“Shamsiddin Vohidov Hindiston, Turkiya va Vengriya vakillariga qarshi murosasiz o‘yinlarda o‘zini yo‘qotmasdan, muhim ochkolarni olishga erishgani ham muxlislar xotirasida saqlanib qoladi”, degan Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari terma jamoaning umumiy natijasini alohida baholab, O‘zbekistonda shakllangan shaxmat maktabiga e’tibor qaratgan.

“Bir so‘z bilan aytganda, terma jamoamiz a’zolarining har biri o‘ziga ishonib, faqat oldinga qarab borganini ko‘rib, Yangi O‘zbekistonda qanday buyuk shaxmat maktabi, shaxmatchilar avlodi shakllanganiga butun dunyo tan berdi”, deya ta’kidlagan O‘zbekiston yetakchisi.

Musobaqada ikkinchi tarkib bilan qatnashgan jamoaning natijasi ham Prezident tomonidan qayd etilgan.

“Musobaqalarda ikkinchi tarkib bilan ishtirok etgan jamoamiz qayd etgan natija ham bizni quvontiradi”, deya bildirgan Shavkat Mirziyoyev.

Jahongir Vohidovning jamoani sovrinli o‘rinlar sari boshlagani, Ispaniya, Angliya va Niderlandiya vakillari ustidan g‘alabalar qozonilgani alohida e’tirof etilgan.

“Jahongir Vohidov o‘g‘lim kuchli iroda ko‘rsatib, ushbu jamoamizni sovrinli o‘rinlar sari boshladi. Ispaniya, Angliya va Niderlandiya kabi davlatlar vakillari ustidan qozonilgan ishonchli g‘alabalar unutilmas tarixga aylandi”, deya ta’kidlagan Prezident.

Ayollar terma jamoasining natijasi ham murojaatda qayd etilgan.

“Ayollar jamoamiz ham keskin kurashlarda haqiqiy matonat namunasini ko‘rsatdi. Ular AQSH jamoasi bilan tengma-teng bahs olib borganlari, 11 ta turda 7 ta yutuqqa erishib, o‘n uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritgani ham muhim natijadir”, degan davlat rahbari.

Samarqand olimpiadasida parashaxmatchilar ilk bor bronza medalini qo‘lga kiritgani ham ta’kidlangan. Selbi shaxsiy hisobda kumush, Abdulaziz bronza medaliga sazovor bo‘lgan, Ahadxon esa musobaqada mag‘lubiyatga uchramagan.

“Selbi qizim shaxsiy hisobda kumush, Abdulaziz o‘g‘lim bronza medaliga sazovor bo‘lgani, Ahadxon o‘g‘lim umuman mag‘lub bo‘lmagani meni juda xursand qildi”, deya parashaxmatchilarning natijasidan mamnunligini bildirgan Prezident.

Shavkat Mirziyoyev barcha shaxmatchilar timsolida bilim va iroda sohibi bo‘lgan yoshlarni ko‘rishini ta’kidlagan.

“El-yurtimiz barcha shaxmatchilarimiz timsolida kuchli bilim va iroda sohiblarini, katta-katta marralarni zabt etishga qodir bo‘lgan Yangi O‘zbekiston yoshlarini ko‘radi”, degan u.

Prezident mamlakatda shaxmat rivojiga berilayotgan e’tibor, yaratilgan tizim va sharoitlar sportchilarning natijalarida muhim omil bo‘lganini qayd etgan.

“Mamlakatimizda shaxmat rivojiga berilayotgan doimiy e’tibor, yo‘lga qo‘yilgan samarali tizim va qulay sharoitlar sizlar erishgan natijalarni ta’minlashda muhim omil bo‘ldi. Yaqinda bu borada yana bir Prezident qarorini qabul qildik. Ushbu hujjat yaqin kelajakda yanada ulkan natijalar uchun, albatta, mustahkam zamin yaratadi”, deya ta’kidlagan davlat rahbari.

Shuningdek, O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi FIDE tomonidan 2026 yilda “Eng yaxshi federatsiya” nominatsiyasida g‘olib deb topilgani qayd etilgan. Rustam Qosimjonov FIDE'ning faxriy vitse-prezidenti, Hulkar Tohirjonova esa FIDE'ning Markaziy Osiyo davlatlari bo‘yicha mintaqaviy prezidenti etib saylangani ham mamlakat shaxmatining xalqaro maydondagi mavqei bilan bog‘langan.

Prezident Samarqandda ikki hafta davomida o‘tkazilgan musobaqalarning ko‘lami haqida ham fikr bildirgan.

“Ikki hafta davomida azim Samarqand shahri bamisoli jahon shaxmatining poytaxtiga aylandi. Bu yerda bo‘lib o‘tgan nufuzli musobaqalar, qatnashchi davlatlar va shaxmatchilar soniga ko‘ra, rekord natijalar bilan tarixga kirganini alohida ta’kidlash lozim”, degan Shavkat Mirziyoyev.

U umumiy g‘alabaning Samarqandda qo‘lga kiritilgani shaharning tarixiy ahamiyatini yanada oshirganini qayd etgan.

“Barchamizning umumiy g‘alabamiz uch ming yillik boy tarix va madaniyat ovozi kelib turgan, XIV-XV asrlarda Ikkinchi Renessans markazlaridan biri bo‘lgan bu buyuk shaharda qo‘lga kiritilgani uning qadr-qimmatini yanada oshirmoqda”, degan Prezident.

O‘zbekiston rahbari joriy yil noyabr oyida Javohir Sindorov ishtirokidagi jahon toji uchun bellashuvni ham tilga olgan.

“Shu yil noyabr oyida bizni yana bir katta shaxmat bayrami kutib turibdi. Jahon toji uchun bo‘ladigan tarixiy bellashuvda shaxmatimiz faxri Javohir Sindorovdan barchamiz ulkan zafarlarni kutib qolamiz. Sen bunga albatta qodirsan, Javohir, bolam!” deya unga ishonch bildirgan Shavkat Mirziyoyev.

Murojaat yakunida Prezident 46-Jahon shaxmat olimpiadasida O‘zbekiston sharafini munosib himoya qilgan shaxmatchilar, ularning ota-onalari, ustoz va murabbiylariga minnatdorlik bildirgan.

“Fursatdan foydalanib, 46-Jahon shaxmat olimpiadasida vatanimiz shon-shuhratini yuksaltirishga munosib hissa qo‘shgan o‘g‘il-qizlarimizga, ularning ota-onalari, ustoz va murabbiylariga, terma jamoamizning barcha a’zolariga chin dildan samimiy minnatdorlik bildiraman”, degan davlat rahbari.

Shuningdek, musobaqalarni yuqori darajada tashkil etgan Samarqand viloyati aholisi, mahalliy hokimlik vakillari va barcha tashkilotchilarga minnatdorlik bildirilgan.

“Sizlarga sihat-salomatlik, oilaviy baxt, kelgusi faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar tilayman. Bizga mana shunday buyuk shukuh, ulug‘ zafarlarni taqdim etgan shaxmatchi farzandlarimiz doimo sog‘-omon bo‘lsin! Sizlarga hamisha porloq g‘alabalar yor bo‘lsin, aziz bolalarim!”, deya shaxmatchilarga tilak bildirgan Prezident.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing