Mirziyoyev Qatar Bosh vaziri bilan transafg‘on temiryo‘li loyihasini muhokama qildi

Olam

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 15 aprel kuni Qatar Davlati Bosh vaziri, Tashqi ishlar vaziri shayx Muhammad bin Abdurahmon Ol Soniy boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qatar delegatsiyasi “Markaziy Osiyo – Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi” muloqoti mamlakatlari Tashqi ishlar vazirlarining navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etish uchun Toshkentda bo‘lib turibdi.

Bosh vazir Muhammad Ol Soniy O‘zbekiston yetakchisiga Qatar Amiri Tamim bin Hamad Ol Soniyning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
Ikki tomonlama hamkorlikni, eng avvalo, savdo-iqtisodiyot, investitsiya va transport-kommunikatsiya sohalarida yanada kengaytirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Davlat rahbari siyosiy muloqot jadal tus olgani, o‘zaro  savdo va investitsiyalar hajmi faol oshayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.
Qayd etilishicha, Qatarning yetakchi kompaniyalari ishtirokida yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Madaniy-gumanitar tadbirlar o‘tkazilmoqda. Oktyabr oyida O‘zbekistonda Qatar madaniyati haftaligi bo‘lib o‘tadi.

Qo‘shma investitsiya loyihalarini ilgari surish, ularni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashning samarali mexanizmlarini tezroq yaratish muhimligi qayd etildi.
Transafg‘on temiryo‘lini qurish loyihasini amalga oshirishni jadallashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Mintaqaviy kun tartibidagi masalalar, shu jumladan Yaqin Sharqdagi vaziyatning jiddiy keskinlashayotgani yuzasidan ham fikr almashildi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston, Afg‘oniston va Pokiston 2021 yil fevral oyida Termiz – Mozori Sharif – Qobul – Peshovar temiryo‘li qurilishi bo‘yicha yo‘l xaritasini imzolagan. Loyihaning dastlabki qiymati qariyb 5 milliard dollar bo‘lib, Yevropa davlatlari, Rossiya, O‘zbekiston, Afg‘oniston, Pokiston, Hindiston va Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlarini bog‘laydigan yangi transport yo‘lagining yuk o‘tkazish salohiyati 20 million tonnaga baholanmoqda. Dizayn ishlari hali ham davom etmoqda. 2022 yilning 21 iyul kuni Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Qirg‘izistonning Cho‘lponota shahrida bo‘lib o‘tgan Markaziyo Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvida uning mamlakati ham Markaziy va Janubiy Osiyoni bog‘lovchi transafg‘on temir yo‘li loyihasiga qo‘shilishga tayyor ekaningi bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, 19 fevral kuni Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumatining milliy temiryo‘l boshqarmasi boshlig‘i mulla Baxt ul Rahmon Sharofat boshchiligidagi delegatsiyasi Transafg‘on loyihasi yig‘ilishida ishtirok etish va ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish maqsadida Toshkentga kelgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev O'zbekiston Qatar Muhammad bin Abdurahmon Ol Soniy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing