Mirziyoyev Qashqadaryodagi bir qator kamchiliklarni sanab o‘tdi
Jamiyat
−
25 Oktabr 2023 14285 2 daqiqa
Prezident Mirziyoyev Qashqadaryo iqtisodiyoti faqatgina yirik korxonalarga qarab qolmasligi aytib, viloyatning turistik imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha bir qancha takliflar berdi. Bu haqda Prezident matbuot kotibi ma’lum qildi.
Yozilishicha, viloyatda iste’mol tovari ishlab chiqarishda o‘sish sur’atlari respublika ko‘rsatkichidan 3 barobar kam. Ayniqsa, kichik biznesning sanoatdagi ulushi eng oxirgi o‘rinlarda.
“Vaholanki, Qamashida sement, gips va marmar, Shahrisabzda grafit, Yakkabog‘da kvars qumi, Chiroqchida marganets, Kitobda dolomit va chinni konlarini o‘zlashtirib, ishlab chiqarishni karrasiga oshirish mumkin. Qashqadaryoda yiliga 150 ming tonna polietilen granulasi ishlab chiqarilsa-da, uni atigi 4 foizi viloyatning o‘zida qayta ishlanadi. “Sho‘rtangaz kimyo majmuasi” atrofidagi 200 gektar bo‘sh yerda 100 turdagi import mahsulotini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ysa bo‘ladi”, deydi Prezident.
Yig‘ilish davomida Mirziyoyev mutasaddilarga tadbirkorlar bilan uchrashib, yirik sanoat korxonalari bilan kooperatsiya asosida 10 mingta ish o‘rni yaratishni topshirdi. Qashqadaryoda sanoat hajmini kelgusi yilda 40 trillion so‘mga, eksportni 500 million dollarga yetkazish belgilandi.
Shuningdek, Prezident tomonidan viloyatda yilning to‘rt mavsumida turistlarni jalb qilish uchun salohiyat borligi, lekin, bu hozir Shahrisabz tumani, Shahrisabz shahri va Kitob bilan cheklangani, yil boshidan viloyatga atigi 180 ming xorijiy sayyoh kelgani aytildi.
“Yangi tajriba qilinib, germaniyalik hamkorlar bilan Shahrisabz tumanidagi 3 ta turizm mahallasining master-rejasi tayyorlandi. Bunda, 450 million dollar qo‘shimcha investitsiya va yiliga 1 million sayyoh jalb etadigan infratuzilma yaratilmoqda. Natijada tadbirkorlarda ishtiyoq kuchayib, bu loyihalarning 367 million dollari yoki 81 foizini ularning o‘zi tikyapti”, deydi Mirziyoyev.
Buni hisobidan Shahrisabzni o‘zida yiliga qo‘shimcha 500 milliard so‘m tushum hamda mingta yangi doimiy ish o‘rni paydo bo‘lishi kutilmoqda.
Mutasaddilarga shu tajriba asosida yil yakunigacha Qamashi tumani va Qarshi shahrida ham loyihalarni ishga tushirish topshirildi.
Live
Barchasi