Mirziyoyev qabulida bo‘lgan Ma Sinjuy Japarov bilan ham uchrashdi

Olam

image

Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov Xitoy Xalq Respublikasi Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasi Siyosiy byurosi a’zosi, Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni Kommunistik partiya qo‘mitasi kotibi Ma Sinjuyni qabul qildi. Bu haqda Qirg‘iziston rahbarining Matbuot xizmati xabar berdi. 

Qayd etilishicha, Japarov Qirg‘iziston va Xitoy o‘rtasidagi an’anaviy do‘stlik hamda yaxshi qo‘shnichilik aloqalari, o‘zaro ishonch har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashga, mintaqada barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlashga xizmat qilishini, bu umumiy manfaatlarga to‘liq javob berishini ta’kidlagan.

Sadir Japarov Xitoy Qirg‘izistonning asosiy savdo va sarmoyaviy hamkorlaridan biri ekani, ayniqsa, Qirg‘iziston va Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmini oshirishdagi ijobiy tendensiyani ta’kidlagan.

Qirg‘iziston rahbari “Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston” temir yo‘li qurilishi loyihasi Qirg‘iziston va Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirishga xizmat qilishini, shuningdek, iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarini rivojlantirishga multiplikativ ta’sir ko‘rsatishini qayd etgan.

O‘z navbatida, Ma Sinjuy Xitoy delegatsiyasining Qirg‘izistonga tashrifining asosiy missiyasi ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi kelishuvlarni amalga oshirish ekanini ma’lum qilgan. Uning ta’kidlashicha, Qirg‘iziston Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayonining eng yirik savdo sherigiga aylangan va o‘zaro savdo hajmi allaqachon 1 milliard dollarga yetgan.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 29 mart kuni Ma Sinjuy O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev qabulida bo‘lgan, uchrashuvda qayta tiklanuvchi energetika, transport infratuzilmasini rivojlantirish va logistika, sanoat parklari hamda qishloq xo‘jaligi klasterlarini tashkil etish, shuningdek, ta’lim, sog‘liqni saqlash va madaniyat sohalaridagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilingan edi.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston Xitoy Qirg'iziston Sadir Japarov Ma Sinjuy Shinjon-Uyg'ur

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing