Mirziyoyev ikki karra Olimpiada chempionlarini telefon orqali tabrikladi (video)
Sport
−
09 avgust
11155Prezident Shavkat Mirziyoyev Parij Olimpiadasida o‘z vazn toifalarida barcha raqiblarini mag‘lub etib, oltin medallarni qo‘lga kiritgan hamda ikki karra Olimpiada chempioniga aylangan taekvondochi Ulug‘bek Rashidov va bokschi Hasanboy Do‘smatov bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbari sportchilarni tabriklab, terma jamoa tomonidan bir kun ichida Olimpiadaning ikkita oltin medali qo‘lga kiritilgani O‘zbekiston sporti uchun tarixiy voqea bo‘lganini qayd etgan. O‘z navbatida Ulug‘bek Rashidov va Hasanboy Do‘smatov Prezident Mirziyoyevga qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorchilik bildirgan.
Oldinroq, Mirziyoyev Olimpiya o‘yinlarida dzyudo bo‘yicha bellashuvlarning 52 kilogrammgacha vazn toifasida barcha raqibalarini yengib, olimpiya terma jamoasiga birinchi oltin medalni keltirgan Diyora Keldiyorova bilan telefon orqali muloqot qilgandi.
Ma’lumot uchun, Parij shahrida davom etayotgan Olimpiada o‘yinlarining taekvondo bahslarida O‘zbekiston sharafini himoya qilayotgan 22 yoshli Ulug‘bek Rashidov ketma-ket ikki karra Olimpiada chempioniga aylandi. Shuningdek, -51 kg vaznda hal qiluvchi jangga yetib kelgan Rio-2016 Olimpiadasi chempioni Hasanboy Do‘smatov oltin medal uchun jangda mezbonlar bokschisi Bennama Bilolga qarshi ringga ko‘tarilib, g‘alaba qozondi va ikki karra Olimpiada chempioniga aylandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining Ostonadagi uchrashuvida Prezident Shavkat Mirziyoyevni o‘zbekistonlik sportchilarning Olimpiadadagi natijasi bilan tabriklagandi. To‘qayev ham Hasanboy Do‘smatovga muxlislik qilganini aytgan.