Mirziyoyev G‘azoda zo‘ravonliklarni zudlik bilan to‘xtatishga chaqirdi
Olam
−
06 iyul
8025O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev G‘azo sektoridagi zo‘ravonliklarni zudlik bilan to‘xtatishga, tinchlik jarayonlarini tezroq boshlashga chaqirdi. Bu haqda u bugun, 6 iyul kuni Shushadagi Turkiy Davlatlar Tashkilotining norasmiy sammitida so‘z ochdi.
“To‘qqiz oydan buyon G‘azo sektorida kechayotgan qonli urush oqibatlari bizni chuqur qayg‘u va iztirobga solmoqda. To‘qnashuvlar 40 mingga yaqin aholi, ayniqsa, ayollar va bolalar hayotiga zomin bo‘lganini hech bir sabab va bahona bilan oqlab bo‘lmaydi. Biz zo‘ravonliklarni zudlik bilan to‘xtatishga, tinchlik jarayonlarini tezroq boshlashga chaqiramiz”, deydi Mirziyoyev.
Uning aytishicha, mustaqil va ozod Falastin davlatining tashkil etilishi Yaqin Sharqda strategik barqarorlik va tinchlikni ta’minlashning eng asosiy shartidir.
Shuningdek, Mirziyoyev Afg‘onistondagi vaziyatga ham e’tiborini qaratdi.
“Ming afsuski, jahonning boshqa mintaqalarida urush va mojarolar kuchayib borayotgani oqibatida yon qo‘shnimiz bo‘lgan va ko‘p millionli turkiy xalqlar istiqomat qilayotgan Afg‘onistondagi vaziyat xalqaro hamjamiyat e’tiboridan chetda qolib ketmoqda”, deydi O‘zbekiston rahbari.
Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston afg‘on xalqiga zarur yordam ko‘rsatishni bundan buyon ham davom ettiradi.
“Afg‘onistonning xorijdagi “muzlatilgan” moliyaviy aktivlarini qaytarish mamlakatdagi ijtimoiy vaziyatni yumshatishga xizmat qilishiga ishonamiz. Yangi voqelik sharoitida Afg‘oniston masalasi bo‘yicha Tashkilotimiz a’zolarining umumiy va yakdil yondashuvlarini ishlab chiqish masalalari tashqi ishlar vazirlarimiz muloqotlarida asosiy muhokama mavzusi bo‘lishi lozim”, deydi Mirziyoyev.