Mirziyoyev Eron elchixonasiga borib, hamdardlik bildirdi
Jamiyat
−
21 may
5037O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 21 may kuni Eron Islom Respublikasining elchixonasiga borib, mamlakat shimolida vertolyot qulashi oqibatida Prezident Ibrohim Raisiy va unga hamrohlik qilgan shaxslar fojiali halok bo‘lgani munosabati bilan Eron xalqiga chuqur hamdardlik bildirdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
"Davlat rahbari diplomatik vakolatxonada ochilgan Hamdardlik kitobiga samimiy ta’ziya va taskin so‘zlarini yozib qoldirdi", deyiladi xabarda.
O‘zbekiston yetakchisi elchi Muhammadali Iskandariy bilan qisqa suhbatda prezident Ibrohim Raisiy yetuk davlat arbobi va siyosatchi bo‘lgani, Eronning barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga, aholi farovonligini oshirishga hamda mamlakatning xalqaro obro‘sini mustahkamlashga, shuningdek, ikki davlat o‘rtasida o‘zaro manfaatli ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishga ulkan hissa qo‘shganini alohida ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 20 may kuni O‘zbekiston Prezidenti Eronning Oliy diniy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiyga hamdardlik maktubi yo‘llagan edi.
Raisiyning o‘limi
19 may kuni Eron Prezidentini olib ketayotgan vertolyot Eron shimoli-g‘arbiy qismida qiyin qo‘nishni amalga oshirdi. Eron delegatsiyasi Ozarbayjondan qaytayotgan edi, u yerda Raisiy Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev bilan uchrashgan. Umuman olganda, Prezident korteji uchta vertolyotdan iborat bo‘lib, ulardan ikkitasi xavfsiz qo‘ngan.
Qidiruv operatsiyasi 12 soatdan ortiq davom etdi. 20 may kuni Eron Qizil yarim oy jamiyati vertolyot qulagan joyni topdi. Raisiy, mamlakat Tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyon, Sharqiy Ozarbayjon viloyati gubernatori Malik Rahmati va boshqa rasmiylar vertolyot qulashi oqibatida halok bo‘lgan. Hammasi bo‘lib, bortda kamida sakkiz kishi, jumladan, ikki uchuvchi va bir texnik xodim bo‘lgan.
Vertolyot qulagan joyda qutqaruv ishlari yakunlandi. Qurbonlarning jasadlari Sharqiy Ozarbayjon viloyatining markazi Tabrizga yetkaziladi.
Eronning amaldagi vitse-prezidenti Muhammad Moxber vaqtinchalik Eron Prezidenti bo‘lishi ma’lum qilindi. Eron Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Ali Bageri Kani esa sobiq tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyon vafotidan keyin vaqtinchalik tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi. Mamlakat parlamenti Ichki ishlar qo‘mitasi raisi Muhammad Solih Jokar Eronda navbatdan tashqari prezidentlik saylovlari kelasi 50 kun ichida bo‘lib o‘tishi kerakligini aytdi. Eron oliy diniy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiy Prezident Ibrohim Raisiy va uning hamrohlari vertolyot halokatida vafot etgani munosabati bilan 5 kunlik motam e’lon qildi. Raisiyning dafn marosimi ertaga, 21 may kuni Tabriz shahrida bo‘lib o‘tishi bildirildi.
LiveBarchasi