Mirziyoyev Erdo‘g‘an bilan strategik sheriklikni rivojlantirishni muhokama qildi

Jamiyat

вр

Bugun, 8 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti 16-sammitida ishtirok etish uchun Toshkentga kelgan Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Aytilishicha, suhbat davomida O‘zbekiston bilan Turkiya o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish va keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqilgan.

“O‘zaro muloqot va almashinuvlar faol davom ettirilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Tovar ayirboshlash hajmi, to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar soni, sayyohlar oqimi ortib bormoqda”, deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, O‘zbekistonda Turkiyaning yetakchi kompaniyalari ishtirokida yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Yil boshidan 500 million dollardan ortiq to‘g‘ridan-to‘g‘ri sarmoyalar jalb qilingan, 200 dan ziyod yangi korxonalar tashkil etilgan.

“Savdo, sanoat, innovatsiyalar, energetika, transport, ta’lim, madaniyat, turizm va boshqa sohalardagi qo‘shma loyiha va dasturlarni jadallashtirish muhimligi ta’kidlandi”, deyiladi matbuot xizmati xabarida.

Shuningdek, yetakchilar bo‘lajak tadbirlar rejasi, shu jumladan O‘zbekiston-Turkiya Strategik hamkorlik kengashining navbatdagi yig‘ilishiga tayyorgarlik masalasini ham ko‘rib chiqqan.

Davlat rahbarlari mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashgan.

Eslatib o‘tamiz, Rajab Toyib Erdo‘g‘an Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti 16-sammitida ishtirok etish uchun rafiqasi Emina Erdo‘g‘an bilan birga O‘zbekistonga kelgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Turkiya O'zbekiston Rajab Toyib Erdo'g'an

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing