Mirziyoyev Erdo‘g‘an bilan telefonda gaplashdi
Jamiyat
−
15 may 2023
10263O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 15 may kuni Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an bilan telefon orqali muloqot qildi.
Davlat rahbari Turkiya yetakchisini mamlakatda prezidentlik va parlament saylovlari muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan samimiy qutladi. Ularning yakunlariga ko‘ra, saylovchilarning ko‘pchiligi amaldagi Prezident va Respublika alyansiga ovoz bergan.
Ovoz berish natijalari qardosh Turkiya xalqi Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘an rahbarligida amalga oshirilayotgan siyosiy yangilanishlar va iqtisodiy islohotlarni keng qo‘llab-quvvatlayotganidan dalolat ekani alohida ta’kidlandi.
Suhbatda O‘zbekiston bilan Turkiya o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarini yanada mustahkamlashning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
Oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining navbatdagi yig‘ilishi kun tartibini tayyorlash bo‘yicha faol ishlarni davom ettirish muhimligi qayd etildi.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 14 may kuni Turkiyada o‘tkazilgan saylov byulletenlarining 100 foizi bugun, 15 mayda hisoblab natijalar e’lon qilingandi. Unga ko‘ra, Rajab Toyib Erdo‘g‘an 49,35%, Kamol Qilichdoro‘g‘li 45%, Sinan O‘g‘an esa 5,22% ovoz olgan. Birinchi bosqichda nomzodlardan birining g‘alabasi uchun u kamida 50% ovoz to‘plashi kerak. Demak, Turkiyada prezidentlik saylovlarining ikkinchi turini o‘tkazish ehtimoli katta – bu joriy yilning 28 may kuni bo‘lib o‘tishi mumkin.
LiveBarchasi