Mirziyoyev elektr uzilgan birinchi tunda nimadan qo‘rqqanini aytdi
Jamiyat
−
29 yanvar 2022
59076Joriy yilning 25 yanvar kuni mamlakat elektr ta’minotida keng ko‘lamli uzilish ro‘y berganda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Sirdaryodagi issiqlik elektr stansiyasi yonib ketishidan qo‘rqqan. Bu haqda prezident Mirziyoyevning haftalik faoliyatiga bag‘ishlangan “Menimcha” loyihasining uchinchi sonida aytib o‘tildi.
“Birinchi OAVdan odamlarni ogohlantirishni so‘radim, chunki xalq sarosimaga tushib qolishi mumkin edi. Metrodan qancha odam chiqarildi, tog‘dan necha kishi olib chiqildi, nechta svetofor ishlayapti, qayerda "GAI" turibdi, telefon nima bo‘ldi – bular haqida har daqiqa xabar berdik. Hammani "baqirtirdim", baqiringlar dedim. Hech kim uxlagani yo‘q kechasi, birorta odamni yo‘qotmaylik deb harakat qildik.
Bu juda katta ofat bo‘ldi, shunchaki hisoblagichni ochib tuzatadigan avariya emas. Hamma narsani o‘chirishimizga to‘g‘ri keldi. Men stansiya yonib ketishidan qo‘rqdim. Sirdaryodagi stansiya yonib ketgan, 1982 yoki 1983 yil edi. Mana shunday avariya bo‘lgan, oltita stansiyaning hammasi yonib ketgan. Shu sabab bosh vazir bilan doimiy aloqada bo‘ldim, bir kunda qancha sochimiz oqardi”, degan Prezident videoselektor vaqtida elektrdagi uzilishga to‘xtalib.
“Konets sveta”
Joriy yilning 25 yanvar kuni soat 11:00 larda O‘zbekistonning qator viloyatlarida elektr energiyasi ta’minoti uzildi. Buning ortidan poyezdlarning manzilga yetib borish vaqti kechiktirildi. Elektrdagi uzilish suv ta’minotini ham to‘xtatib qo‘ydi.
Keyinroq, qo‘shni mamlakatlar — Qozog‘iston va Qirg‘izistonning qator hududlarida ham elektr energiyasi uzildi. O‘zbekistonda esa barcha aeroportlar faoliyati cheklandi.
O‘zbekiston Energetika vazirligining ma’lum qilishicha, Qozog‘iston Elektr tarmog‘ida katta avariya bo‘lishi oqibatida Olma-ota, Chimkent, Taras, Turkiston (viloyatlarida) va atrof hududlarida Elektr energiya ta’minotida o‘chishlar yuzaga kelgan.
Qozog‘iston tomoni keyinroq ta’minot tiklangach, uzilish Sirdaryo IES sabab yuz berganini e’lon qildi. Ammo bunga O‘zbekiston tomoni munosabat bildirmadi.
LiveBarchasi