Mirziyoyev Elboshini tabrikladi

Jamiyat

image

Bugun, 8 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston Respublikasining Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyev bilan telefon orqali muloqot qildi.

Suhbat avvalida ikki mamlakat yetakchilari Ikkinchi jahon urushida qozonilgan G‘alabaning 75 yilligi munosabati bilan bir-birlarini samimiy tabriklab, ezgu tilaklar bildirdilar.

Janggohlarda jonini ayamay, front ortida fidokorona mehnat qilib, G‘alabaga erishgan ota-bobolarimizning jasorati va qahramonligi birodar xalqlarning minnatdor xotirasida mangu qolishi alohida qayd etildi.

Muloqot chog‘ida chegaraoldi hududlarda Sardoba suv omboridagi favqulodda hodisa oqibatlarini bartaraf etish bilan bog‘liq masalalar ko‘rib chiqildi. Aholiga zarur yordamni ko‘rsatish, infratuzilma va kommunikatsiyalarni qayta tiklash borasida birgalikda amalga oshirilayotgan birinchi navbatdagi tadbirlar qo‘llab-quvvatlandi.

Ikki mamlakatda koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurash samarali kechayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Ushbu xavfli kasallikning oldini olish va davolashda vakolatli idoralarning yaqindan muvofiqlashuvi va hamkorligini davom ettirish muhimligi qayd etildi.

Shavkat Mirziyoyev va Nursulton Nazarboyev ikki tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini, avvalo savdo-iqtisodiy sohada kengaytirish masalalariga alohida to‘xtaldilar.

Pandemiyaning salbiy oqibatlari ta’sirini kamaytirish maqsadida amaliy hamkorlikning yangi loyihalari va yo‘nalishlarini ishlab chiqishda ikki mamlakat bosh vazirlari rahbarligidagi qo‘shma Hukumatlararo komissiyaning muhim rol o‘ynashi ta’kidlandi.

Shuningdek, xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar hamda Markaziy Osiyo mintaqasida yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini yanada mustahkamlash yuzasidan fikr almashildi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Nursulton Nazarboev

Baholaganlar

91

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing