Mirziyoyev daraxt ekishda rejani bajarmagan 28 tumanni tanqid qildi

Jamiyat

image

Bugun, 21 oktyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida bo‘lib o‘tgan "Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida amalga oshirilgan ishlar natijadorligi va kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishida bahor mavsumi paytida 28 ta tuman daraxt ekishda rejani bajarmagani tanqid qilindi. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.

Qayd etilishicha, iqlim sharoitini hisobga olmasdan, suv yo‘q joylarga daraxt ekilgani uchun minglab tup daraxt ko‘karmagan. Sug‘orish tizimi yo‘q joyga Toshkent shahrida 322 ming, Samarqandda 96 ming, Toshkent viloyatida 67 ming, Qoraqalpog‘istonda 61 ming, Buxoroda 24 ming, Navoiyda 15 ming ko‘chat ekilgan.

Hisobotga eng ko‘p qo‘shib yozish Buxoro, Toshkent, Andijon, Surxondaryo, Samarqand viloyatlarida va Toshkent shahrida qayd etilgan.

Shu munosabat bilan Prezident Bosh prokuraturaga sohadagi nazoratni kuchaytirish zarurligini ko‘rsatib o‘tgan. Har bir hokim, vazir, tashkilotga qayerga, qancha ko‘chat ekish egasi, joyi, suvi va mablag‘i bilan aniq belgilab berish topshirilgan, mutasaddilar buning ijrosi bo‘yicha qat’iy so‘rov bo‘lishi haqida ogohlantirilgan.

Yig‘ilishda eng avvalo O‘zbekiston iqlimiga mos sifatli ko‘chatni ko‘paytirish lozimligi ta’kidlangan.

“Fanlar akademiyasi, ekologiya, qishloq, suv va o‘rmon xo‘jaligi, karantin tizimidagi ilmiy-tadqiqot tashkilotlari, oliygohlar, kafedralar, in-vitro laboratoriyalaridan samarali foydalanib, urug‘ va ko‘chat yetishtirish hajmini oshirishi zarur”, degan Prezident.

Shu sababli 2023 yilda Nukus, Arnasoy, Qorako‘l, Muborak tumanlarida suvsizlik va sho‘rga chidamli galofit o‘simliklaridan iborat 4 ta bog‘ barpo qilinishi aytilgan.

Urug‘ olish uchun o‘rmon xo‘jaliklaridan sog‘lom onalik plantatsiyasini tanlash orqali yiliga 1,5 ming tonna urug‘ tayyorlanishi, Koreya tajribasi asosida suvsizlikka chidamli, iqlim sharoitiga mos yopiq ildizli konteyner va in-vitro usulida 2 million ko‘chat yetishtirish tizimi yo‘lga qo‘yilishi belgilandi.

Shuningdek, Qoraqalpog‘iston, Buxoro, Jizzax, Navoiy, Qashqadaryo, Surxondaryo, Xorazmdagi 250 ming gektar cho‘lda suv talab etmaydigan saksovul, qandim, cherkez urug‘lari dronlar yordamida ekiladi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligiga Samarqand, Xorazm, Toshkent va vodiy viloyatlaridagi 327 gektar yerda noyob mevali ko‘chatlarni in-vitro usulida yetishtirishni yo‘lga qo‘yish topshirildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Prezident Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universitetida maishiy chiqindilarni qayta ishlash, ulardan elektr energiyasi va mahsulot ishlab chiqarish loyihalari taqdimoti bilan tanishish davomida zavodlar mamlakatning hayot-mamotini hal qiladigan masalalardan biri ekanini aytgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev daraxt ekish "Yashil makon”

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made