Mirziyoyev Toshkentdagi drenaj tizimiga e’tiroz bildirdi
Jamiyat
−
21 Oktabr
4985Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrida drenaj tizimini tanqid qildi va poytaxt mas’ullariga yil yakunigacha master-reja qilib, tizimni sun’iy havzalar bilan birga qurish bo‘yicha dastur ishlab chiqishni topshirdi. Bu haqda Davlat rahbari bugun, 21 oktyabr kuni o‘z raisligidagi "Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida amalga oshirilgan ishlar natijadorligi va kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishda so‘z ochdi.
Xususan, poytaxtda kuni kecha yog‘gan kuchli yomg‘ir haqiqiy ahvolni ko‘rsatgani qayd etildi. Drenajni to‘g‘rilashni o‘zi yetarli emasligi, suvni havzalarda to‘plash tizimini qilib, daraxtlarni sug‘orishga ishlatish maqsadga muvofiq ekani ta’kidlangan.
Poytaxtdagi tuman hokimlari joylarga chiqib, drenaj, yashillik, obodonlashtirish kabi masalalarni tepasida turib o‘zi hal qilishi shartligi ko‘rsatib o‘tilgan.
Bundan tashqari, poytaxtda daraxtlarning kasallanishi ham ko‘paygani qayd etildi. Shahar hokimligiga yil yakunigacha master-reja qilib, drenaj tizimini sun’iy havzalar bilan birga qurish bo‘yicha dastur ishlab chiqish topshirilgan.
Qiziqarlisi, joriy yilning 29 yanvar kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida bo‘lib o‘tgan uy-joy, qurilish, kommunal xo‘jaligi, transport va ekologiya sohalarida amalga oshirilgan ishlar va ustuvor vazifalar yuzasidan yig‘ilishda Toshkent shahridagi drenaj tizimi yog‘ingarchilik davrida aholi e’tiroziga sabab bo‘layotgani qayd etilgandi. Shu munosabat bilan shahar hokimligi oldiga drenaj tizimidagi eng muammoli nuqtalarda qurilish ishlarini yakunlash hamda 1 sentyabrga qadar poytaxt drenaj tizimi master-rejasini ishlab chiqish vazifasi qo‘yilgan edi.
Ma’lumot uchun, Toshkent shahri mahalliy byudjetining zaxira jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 846,5 million so‘m miqdoridagi pul yog‘ingarchiliklar davrida shaharda suv toshqinlari bilan bog‘liq avariyaviy holatlarni zudlik bilan bartaraf etish uchun ajratilgan. Mazkur mablag‘ kerakli maxsus mexanizm va materiallarni xarid qilish uchun Toshkent shahar Obodonlashtirish bosh boshqarmasi tizimidagi Drenaj va kollektorlarni ta’mirlash va saqlash ixtisoslashtirilgan boshqarmasiga berilishi aytilgan edi.
LiveBarchasi