Til masalasida ortiqcha ehtirosga berilmasdan, vazminlik bilan ish tutish kerak – Mirziyoyev
Jamiyat
−
21 Oktabr
11959Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbek tili bayrami hamda o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining 35 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan bayram tabrigida har qanday xalq uchun o‘ta hassos va ta’sirchan bo‘lgan til masalasida ortiqcha ehtiros va hissiyotlarga berilmasdan, uzoqni o‘ylab, vazminlik bilan ish tutish kerakligini ta’kidladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
“O‘zbek tilining beqiyos imkoniyatlarini yuzaga chiqarish, uning jahon miqyosida nufuzi va jozibadorligini oshirish uchun hali oldimizda ko‘plab vazifalar turibdi. Avvalo, yuksak taraqqiy etgan demokratik davlatlarda bo‘lgani kabi davlat tili butun jamiyatni, tili va millatidan qat’i nazar, barcha fuqarolarni yagona xalq sifatida birlashtirishga xizmat qilishi zarur. Bu borada har qanday xalq uchun o‘ta hassos va ta’sirchan bo‘lgan til masalasida ortiqcha ehtiros va hissiyotlarga berilmasdan, uzoqni o‘ylab, vazminlik bilan ish tutish kerakligini hammamiz yaxshi anglaymiz”, deydi Mirziyoyev.
Prezident, shuningdek, keyingi yillarda o‘zbek tilini raqamlashtirish borasida jiddiy natijalarga erishilayotganligi haqida to‘xtalib o‘tgan. Xususan, o‘zbekcha matnlarni sun’iy intellekt yordamida qayta ishlash va o‘zbek tilida muloqot qilishga mo‘ljallangan “aqlli” dastur ishlab chiqilib, “O‘zbek tili izohli lug‘ati”ning veb-sayti yaratilgani, ayni paytda o‘zbek tilidagi matnlarni tahrir qilish, ularni lotin va kirill yozuviga o‘girish va so‘zlarning lug‘aviy ma’nosini ko‘rsatishga mo‘ljallangan elektron dasturlar ham amaliyotda faol qo‘llanayotganini aytgan.
“Muhtaram yurtdoshlar! Sizlarni bugungi qutlug‘ bayram bilan yana bir bor tabriklab, barchangizga mustahkam sog‘liq, ishlaringizda yangi yutuqlar, xonadonlaringizga tinchlik va farovonlik tilayman. O‘zbek tilimizning boyligi, kuch-qudrati yanada ziyoda bo‘lsin!”, degan Prezident o‘z tabrigi so‘ngida.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Prezident Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universitetida maishiy chiqindilarni qayta ishlash, ulardan elektr energiyasi va mahsulot ishlab chiqarish loyihalari taqdimoti bilan tanishish davomida zavodlar mamlakatning hayot-mamotini hal qiladigan masalalardan biri ekanini aytgandi.
LiveBarchasi