Mirziyoyev Buyuk Britaniyaga tashrif buyuradi

Jamiyat

image

Kecha, 9 avgust kuni Buyuk Britaniya tomonining tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov va Buyuk Britaniyaning Yevropa va Amerika mamlakatlari bo‘yicha tashqi ishlar davlat vaziri Kristofer Pincher o‘rtasida telefon orqali suhbat bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston TIV rahbari Kristofer Pincherni Buyuk Britaniyaning tashqi ishlar davlat vaziri (xususan Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan hamkorlikka mas’ul) etib tayinlangani bilan tabrikladi va unga ushbu mas’uliyatli lavozimda muvaffaqiyatlar tiladi. 

Suhbat chog‘ida o‘zaro munosabatlarning bugungi holati va rivojlantirish istiqbollari,  shuningdek,  tomonlarni qiziqtirgan dolzarb mintaqaviy va xalqaro masalalar muhokama qilindi. 

Britaniyalik diplomat O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mamlakatda o‘tkazilayotgan keng ko‘lamli siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlarni yuqori baholadi. Ta’kidlanganidek, Buyuk Britaniya rasmiylari respublikada amalga oshirilayotgan qat’iyatli va chuqur o‘ylangan islohotlarni katta e’tibor bilan kuzatmoqdalar va O‘zbekiston tomoniga islohotlarni tadbiq etishda muvaffaqiyatllar tilaydilar. 

Kristofer Pincher so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Buyuk Britaniya o‘rtasidagi siyosiy muloqot va har tomonlama hamkorlik faollashayotganini qayd etdi. Britaniya tomoni barcha sohalardagi hamkorlikni yanada faollashtirishga tayyorligini bildirdi. Shu o‘rinda ta’lim sohasidagi hamkorlikka alohida e’tibor berishni taklif etdi.

Muloqot davomida Buyuk Britaniyaga oliy darajadagi tashrifni tashkil etish imkoniyatlarini muhokama qilindi va ushbu ikki tomonlama muhim tadbirga tegishli tayyorgarlik ishlarini boshlash to‘g‘risida kelishib olindi.

Parlamentlararo aloqalarni mustahkamlash va ikki mamlakat qonun chiqaruvchi organlari o‘rtasida tajriba almashish amaliyotini davom ettirish masalalari muhokama qilindi.

Kristofer Pincher Buyuk Britaniya joriy yilning dekabr oyida O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan Oliy Majlis va xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga bo‘lajak saylovlarga katta qiziqish bilan qarayotganini ta’kidladi. Shu munosabat bilan Britaniya tomoni o‘z vakillarni saylovda kuzatuvchi sifatida ishtirok etish uchun yuborishni ko‘zlamoqda. 

Suhbat yakunida joriy yilda boshlangan ikki mamlakat tashqi siyosat idoralari o‘rtasidagi maslahatlashuvlar o‘tkazish amaliyotini davom ettirish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Abdulaziz Komilov Kristofer Pincher

Baholaganlar

31

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing